19:47 / 15.06.2017
34951

O‘zingdan chiqqan baloga – qayga borasan davoga? Otasini o‘margan o‘g‘il bo‘lib chiqdi

2017 yil 9 iyun kuni soat 16:00 dan – 16:30 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida ikki nafar noma'lum shaxslar Mirobod tumani Chimkent ko‘chasi 1-uy 27-xonadonga kirish eshigini kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda ochib kirgan. 

Ular xonadonning balkonida turgan, ushbu xonadon egasi M.A.ga tegishli seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochib, seyf ichidan jami miqdori 7500 AQSh dollarini tashkil qiluvchi turli xildagi qimmatbaho taqinchoqlarni, bahosi 50 AQSh dollari bo‘lgan suvenir kumush tangalar hamda naqd 2600 AQSh dollari va yotoqxonadagi tumba ichida bo‘lgan 2 mln 500 ming so‘m miqdordagi naqd pullarni egallab, voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lganlarida xonadon egasining farzandi 1994 y.t. M.J. ularni payqab xonadonga kirib kelgan. Ushbu shaxslar J.M.ga hujum qilib, noma'lum temir jism bilan uning yuziga va badanining turli sohalariga urib, qo‘llari bilan uni bo‘g‘ib hushidan ketkazishgan va egallab olingan tilla taqinchoqlar, naqd pullar bilan voqea joyidan yashiringanlar.

Yuqorida qayd qilingan mazmunda berilgan xabarga asosan hodisa joyiga chiqqan tuman IIB tergov-tezkor guruhi voqeani sinchkovlik bilan o‘rgangan. Mazkur holat yuzasidan 2017 yil 9 iyun kuni Mirobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, holat aslida quyidagicha sodir bo‘lgan. Toshkent IIBB rasmiy vakili Doniyor Toshxo‘jayevning ma'lum qilishicha, xonadon egasining o‘g‘li J.M. seyfdagi AQSh dollarlarini 2017 yilning yanvar oyidan buyon ota-onasidan yashirincha davomli ravishda o‘g‘irlab, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab kelgan. Ushbu pullar tugagach, o‘z qilmishini ota-onasidan yashirish maqsadida, o‘zining tanishi 1998 y.t. K.D. bilan birgalikda o‘zaro jinoiy til biriktirgan. Mazkur xonadondan J.M.ning onasiga tegishli qimmatbaho taqinchoqlar va otasiga tegishli naqd pullarni ikkalasi birgalikda o‘g‘irlab qora rangli ayollar sumkasiga joylashgan. 

So‘ngra, ushbu moddiy boyliklar go‘yoki noma'lum shaxslar tomonidan bosqinchilik yo‘li bilan olib ketilganligini sahnalashtirish maqsadida K.D. o‘zaro kelishuvga ko‘ra, o‘tkir tig‘li jism bilan J.M.ning o‘ng yelka qismiga “natsistlar belgisi”ni jarohat yetkazgan holda chizib, taqinchoqlar va pullar solingan sumkani olib, hodisa joyidan yashiringan.

Tergov harakatlari davomida 2017 yil 10 iyun kuni K.D. istiqomat qiluvchida o‘tkazilgan tintuvda qora rangli erkaklar sport kiyimi, qora rangli ayollar sumkasi, plastik kartochka, kastet, pichoq, siniq holatdagi kran jo‘mragi, kantselyariya pichog‘ining tig‘i, J.M.ning o‘ng yelkasiga chizilgan “natsistlar” belgisi, 5000 va 10000 so‘mlik kupyuradagi pullar, ayollar taqinchoqlari shtukatulkasi, suvenir kumush tangalar, “sport ustasi” ko‘krak nishoni, ayollar taqinchoqlari daliliy ashyo sifatida olingan.

Jinoyat ishi yuzasidan J.M. O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan gumonlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, so‘roq qilingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Shu bilan birga, J.M.ning o‘ylamay qilgan ishi tufayli yetkazilgan moddiy zarar hisoblab chiqilmoqda.

Shu o‘rinda, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Doniyor Toshxo‘jayevning alohida ta'kidlashicha, bir kishining o‘ylamay qilgan qilmishi sababli shahar ichki ishlar idoralarini ma'lum bir kuchi yo‘q jinoyatchini topishga sarflangan. Soxta jabrlanuvchi so‘zlariga ko‘ra, asli yo‘q bosqinchining fotoroboti chizilib, uni qidirishga qo‘shimcha kuchlar safarbar etilgan.  

Top