03:07 / 16.06.2017
27577

Amerika politsiyasi Erdo‘g‘an tansoqchilarini hibsga olish haqida order berdi

AQSh politsiyasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning may oyida Vashingtonda namoyishchilarni kaltaklagan tansoqchilarini hibsga olish haqida order bergan. Bu haqda Associated Press xabar tarqatmoqda.

Vashington politsiyasi rahbari Piter Nyuzemning aytishicha, Erdo‘g‘an tansoqchilaridan to‘qqiz nafari va turk politsiyasining ikki zobiti va yana ikki nafar Kanada fuqarosi qidiruvga berilgan.

Vashington politsiyasi rahbari Piter Nyuzem va shahar meri Myuriel Bouzerning qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tishlaricha, Erdo‘g‘an tansoqchilarini hibsga olish uchun order ularning Amerika poytaxtida namoyishchilar bilan to‘qnashuvda qatnashganlari sababli berilmoqda. Politsiya rahbari qidiruvga berilganlarni Amerikaga kelib, qonun oldida javob berishga chorlagan.

Erdo‘g‘anning o‘zi order chiqarilishiga qarshi keskin munosabat bildirgan va Anqara bunga qarshi siyosiy va yuridik usullar bilan kurashishini ta'kidlagan va Vashington politsiyasining ushbu qarorini quyidagicha izohlagan:

«Men AQShda bo‘lib turganimda KIP (Kurdiston ishchi partiyasi» va FeTO («Futhullohchilar terrorchilik tashkiloti») a'zolari men turgan joydan 40–50 metr narida aksiya uyushtirishdi. Amerika politsiyasi hech qanday chora ko‘rgani yo‘q. Turkiyada (Tramp bilan — tah.) shunday holat yuz bersa nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ra olasizlarmi? Kecha ikki nafar vatandoshimizni hibs etishibdi, bugun yana 12 nafar tansoqchimga nisbatan hibsga olish to‘g‘risida order berilibdi. Bu axir qanday qonun bo‘ldi? Agar tansoqchilarim meni qo‘riqlashmasa, ularni Amerikaga olib borib nima qilaman?» — deya CNN Turk telekanli Anqaradagi prezident saroyidan Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirmoqda.

Turk telekanali Amerikaning Anqaradagi elchisi Jon Bass Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirilganini xabar bergan.

«AQSh hukumati 16 may kuni Turkiyaning Vashingtondagi elchixonasi oldida ro‘y bergan voqea tufayli bir necha nafar turk vatandoshlari, jumladan, prezidentni qo‘riqlash xizmati xodimlarini hibsga olish bo‘yicha chiqarilgan order yuzasidan AQShning Anqaradagi elchisi TIVga Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Umit Yolchin bilan uchrashish uchun chaqirildi. AQSh elchisiga bu qaror noto‘g‘ri va adolatsiz ekanligi, hech qanday huquqiy asoslarga ega emasligi tushuntirildi», deyiladi TIV bayonotida.

16 may kuni, Erdo‘g‘anning Vashingtonga tashrifi doirasida turk elchisining AQShdagi vakolatxonasi oldida to‘qnashuvlar yuz bergan edi. The Guardian ma'lumotlariga ko‘ra, mushtlashuvda Turkiyaning hozirgi hukumatiga qarshi bo‘lganlar va Erdo‘g‘an tarafdorlari, jumladan, uning tansoqchilari qatnashishgan. Hürriyet Daily News’ning xabariga ko‘ra, to‘qnashuv Erdo‘g‘anning tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlar orasida bo‘lib o‘tgan.

To‘qnashuv natijasida to‘qqiz nafar inson jarohatlangan, ularning ikki nafari og‘ir tan jarohati olgan.

Voqea yuz bergan joydan olingan videoyozuvlarda ko‘rinishicha, Erdo‘g‘an shaxsan o‘zi tansoqchilari namoyishchilarni kaltaklayotganini kuzatib turgan. AQSh davlat departamenti voqea yuzasidan Turkiyaga e'tiroz bildirgan. Anqara esa o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etib, voqea AQSh hukumatining zarur xavfsizlik choralari ko‘rishni istamagani uchun yuz berganini ta'kidlab kelmoqda. Turkiyaning AQShdagi diplomatik missiyasi esa ushbu voqeada Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi namoyishchilarini ayblamoqda.

Mavzuga oid
Top