08:28 / 16.06.2017
11557

Xitoyda o‘ta noyob uchuvchisiz uchar qurilma yaratildi

Avtonom ishlash vaqti – uchuvchisiz boshqariladigan uchar qurilmalar uchun juda muhim ko‘rsatkich. Shuning uchun bunday qurilmalar konstruksiyasida ko‘proq quyoshli batareyalar ishlatiladi. Xitoy fazoviy aerodinamika akademiyasi mutaxassislari shunday modellardan birida sinov o‘tkazishdi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan qurilma soatiga 200 kilometr tezlikka yetishi va havoda bir necha oy davomida qolishi mumkin.

Xitoy uchar qurilmasi Caihong-T4 (CH-T4) nomini oldi hamda uning qanotlari uzunligi 40 metrga teng. Parvozning maksimal balandligi 20 kilometrni tashkil etadi. Parvoz uchun parraklarga ega 4 juft elektr dvigatellaridan foydalaniladi, ular qurilma qanotining ustki qismida o‘rnatilgan quyoshli batareyalardan quvvat oladi. Shuningdek, CH-T4’ning har bir qanoti parvoz sharoitidan kelib chiqqan holda o‘z shaklini o‘zgartirishi mumkin. Qurilma og‘irligi 500 kilogrammga teng. Akkumulyatorlar kunning yorug‘ qismida quvvat oladi, hamda ularning zaxirasi CH-T4 o‘z funksiyasini kechqurun bajarishda davom etishiga ham yetadi. Loyihachilarning xabar berishicha, uchuvchisiz boshqariladigan uchar qurilma maksimal balandlikda taxminan million kvadrat kilometr joyni “ko‘rishi” mumkin.

Ta'kidlab o‘tish joizki, bu shunday turdagi birinchi va eng katta uchar qurilma emas. NASA’ning Helios Prototype qurilmasi qanotlari uzunligi 75 metr bo‘lib, maksimal parvoz balandligi - 30 kilometrni tashkil qiladi. Uchuvchisiz boshqariladigan uchar qurilmalarning bunday turi "atmosfera yo‘ldoshlari" degan nomni ham oldi. Ular josuslik qilish va kuzatuv olib borishda ayniqsa qo‘l keladi.

Top