17:38 / 16.06.2017
72386

Nukuslik o‘qituvchilar: “Aybimiz ingliz tilini bilganimizdami?”

Illyustrativ surat. Foto: dnpr.com.ua

Kun.uz tahririyatiga o‘qituvchilar tomonidan besabab hasharga chiqarishlar, ta'mirlash ishlariga jalb etishlar, pul yig‘imlari va shu kabi muammoli masalalar yuzasidan murojaatlar kelishi davom etmoqda. Ana shunday maktublardan birida shunday deyiladi:

“Assalomu alaykum. Biz Nukus shahar maktab o‘qituvchilari nomidan yozayapmiz. Har yili yoz oylarida maktab ta'mirlashlari boshlanadi. Buning uchun maktab direktori tomonidan har bir o‘qituvchiga qurilish materiallari olib kelish topshiriladi. Ya'ni har bir o‘qituvchi kamida bir quti bo‘yoq, chyotka olib kelishi va uch nafar o‘qituvchi ustalarning bir kunlik ovqatini qilib kelishi kerak bo‘ladi. Bu ishlarning hammasiga kamida 150-200 ming pul sarf qilamiz. 

O‘zi yaqinda paxta dalasidan qaytdik. U yerda 20 kun bo‘ldik. May oyining maoshi to‘liq shu ishlarga sarflandi. Bundan tashqari, maktab direktori ikki kun oldin yig‘ilish qildi. Barcha ingliz tili o‘qituvchilari o‘ziga biriktirilgan sinflarni 1 iyulgacha yaxshilab ta'mirlashi kerakligi aytildi. Shundan keyin mehnat ta'tiliga ketasizlar deyishdi. 

Har yili yozda o‘zimizga biriktirilgan sinfni ta'mirlaymiz. Ayniqsa, ingliz tili o‘qituvchilariga qiyin. Har yili mana shunday ishlarga bir oylik maoshimiz sarf bo‘lib ketadi. Aybimiz ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganimizmi bilmadik. Axir maktab va sinflardagi ta'mirlash ishlari rahbariyat tomonidan amalga oshirilishi kerak emasmi?

Ayni kunlarda yangi mashmasha bo‘lib turibdi. Bizga yuqoridan ingliz tili xonalari uchun yangi ko‘rinishdagi ta'mirlashning suratlarini ko‘rsatishdi va o‘tgan yili ta'mirdan chiqqan xonalarni ana shu ko‘rinishga keltirasizlar deyishdi. Yana ta'mirlashmi, desak ish kerak bo‘lsa qilasizlar, bu topshiriq yuqoridan keldi, deyishdi. Shu gap rostmi? Har juma kuni ingliz tili o‘qituvchilarining o‘qishi bo‘ladi. Hamkasblar shu haqida gaplashamiz, barcha maktabda shu ahvol ekan. 

Bunisi hali xolva. Maktab o‘qituvchilariga na bayram, na rag‘batlantirish puli umuman berilmaydi. Hatto 1 oktabr - O‘qituvchilar bayramida ham. Iltimos, xalq ta'lim vazirligidagi mutasaddi vakillar bu ishga o‘z e'tiborlarini qaratishsa, adolat o‘rnatilsa”.

Murojaat anchayin jonli yozilgan. Barcha faktlar keltirib o‘tilgan. So‘nggi paytlarda o‘qituvchilar tomonidan yuborilayotgan shikoyatlarni o‘rgana turib, inson xayoliga g‘alati xulosa yopishib oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta'limi tizimida ko‘rsatib berilgan islohotlarni amalda qo‘llashda yoki anglashmovchilik bo‘lyapti yoki xulosa noto‘g‘ri chiqarilgan. O‘ylaymizki, yakunda barcha ishlar aynan nazarda tutilgani kabi chiroyli bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top