01:24 / 16.06.2017
29397

Prezident: “O‘z bolangni o‘zing asra!”

15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farzandlar kelajagi, ularning tarbiyasi va bunga loqayd munosabatda bo‘lish nimalarga olib kelishi haqida so‘z yuritdi.

“Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir”, deydi buyuk allomalarimiz. Bolalarimiz, ularning taqdiri, kelajagi haqiqatan ham juda omonat ekanini bugungi hayot har tomonlama isbotlamoqda, - deydi davlat rahbari. - Agar farzandimizga to‘g‘ri tarbiya bermasak, har kuni, har daqiqada uning yurish-turishi, kayfiyatidan ogoh bo‘lib turmasak, ularni ilmu hunarga o‘rgatmasak, munosib ish topib bermasak, bu omonatni boy berib qo‘yishimiz hech gap emas. 

Biz, ko‘pincha bolam maktabda, o‘qishda yoki chet elda ishlayapti, deb xotirjam yuribmiz. Lekin bizning bunday soddaligimiz, beparvoligimizdan dushmanlar makkorlik bilan foydalanmoqda. Bizning jonu jahonimiz bo‘lgan farzandimiz dushmanlar qo‘lida qurolga aylanib qolsa, buning uchun avvalo kim aybdor? O‘zimiz emasmi?

Shuning uchun maktab, litsey va kollejlardagi, oliy o‘quv yurtlaridagi ta'lim-tarbiya, birinchi navbatda, davomat masalasiga nihoyatda jiddiy e'tibor berishimiz shart". 

Shu o‘rinda biror o‘quvchi yoki talaba uzrsiz o‘qishga kelmay qo‘ysa, ta'lim maskani ham, oila ham, mahalla, hokimiyat idoralari ham bu to‘g‘rida bong urishi, sergak tortishi, buni favqulodda bir hol deb baholashi kerakligiga e'tibor qaratildi.

Ana shunday nazorat tizimi samarali va o‘zaro bog‘liqlikda ishlaydigan bo‘lsa, albatta biz vaziyatni qo‘lga olib, uni ijobiy tomonga o‘zgartira olishimiz ta'kidlandi.

Shuning uchun ham tumanlarda hokimlar hamda ichki ishlar bo‘limi boshliqlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari tashkil etilgani alohida qayd etildi.

"Keyingi yillarda xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “O‘z uyingni o‘zing asra!” degan da'vatga bugun “O‘z bolangni o‘zing asra!” deb qo‘shimcha kiritish vaqti keldi, deb o‘ylayman. 

Adashgan yoshlarni tarbiyalashimiz, kerak bo‘lsa, jazoni o‘tash joylariga ham borib, ular bilan gaplashishimiz lozim. Chin dildan tavba qilib, ota-onasi, oilasi bag‘riga, to‘g‘ri yo‘lga qaytishni niyat qilgan odamlarga amaliy yordam berishga men davlat rahbari sifatida doimo tayyorman.

“Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ichki ishlar idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bu masala bo‘yicha bevosita javobgar bo‘lib, ish samaradorligini tubdan oshirishlari, mutlaqo yangi tizimga o‘tishlari zarur", - deya ta'kidladi Prezident.

Mavzuga oid
Top