00:31 / 17.06.2017
9820

Lester universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston TIVning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti (JIDU) Buyuk Britaniyaning Lester universiteti bilan Hamkorlik memorandumini imzoladi. 

Kelishuv oliy ta'lim sohasida akademik xizmatlarni taqdim etish, xalqaro munosabatlar bo‘yicha kadrlarni xalqaro standartlar asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish, shuningdek xalqaro munosabatlar, diplomatiya, xalqaro iqtisodiyot, xalqaro biznes, xalqaro moliya va xalqaro tijorat huquqi yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tahliliy faoliyatni yo‘lga qo‘yish maqsadida JIDUda Lester xalqaro tadqiqotlar maktabi yaratilishini ko‘zda tutadi. 

Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga 1992 yilda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan asos solingan. Oliy ta'lim dargohi diplomatik xizmat va xalqaro munosabatlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy faoliyat va xalqaro huquq sohasidagi ilmiy-tadqiqiy faoliyat yuritish bilan shug‘ullanadi. 

Lester universitetiga esa 1921 yilda asos solingan bo‘lib, u Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta'lim dargohlaridan biri hisoblanadi. 2016-2017 yilgi reytingda Lester universiteti «Times Higher Education» versiyasi hamda QS World University Ranking versiyasi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi oliy ta'lim muassasalari qatoriga kiradi. Universitetda 28 mingdan ziyod talaba tahsil oladi, ularning 50 foizi xalqaro talabalar hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top