13:46 / 17.06.2017
16649

Putin: AQSh Donbassda halokatga uchragan Boeing bo‘yicha haqiqatni hech qachon oshkor etmaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, AQSh hukumati Donbass “Xalq Respublikalari” ko‘ngilli askarlarining “Malayziya aviayo‘nalishlari” aviakompaniyasining Boeing-777  samolyoti halokati uchun mas'uliyati haqidagi taxminga zid ma'lumotni hech qachon oshkor etmaydi. Bu haqda Putin amerikalik rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

“Putin bilan intervyu” filmi Amerika televideniyesida 15 iyun kuni namoyish etildi. 16 iyun kuni esa Hot Books nashriyoti tomonidan intervyuning to‘liq matni bo‘lgan kitob chop etildi.

Stoun Putinga savol bergan: uning fikricha, AQSh razvedka xizmatlari Boeing halokati haqida ma'lumotga ega bo‘lishi mumkinmi, sababi ular Ukrainadagi vaziyatni 2014 yilgi davlat inqilobidan so‘ng kuzatib borishgan.

«Mening ishonchim komilki, bu aslida ham shunday. Biroq, afsuski, biz sheriklarimizdan olgan narsada bunga isbot yo‘q», - deya javob qaytargan Putin.

Rossiya rahbarining ta'kidlashicha, bu holat “juda tushunarlidir”, sababi RF hukumati AQShning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini biladi.

“Ularning bari aybni Donbassdagi ko‘ngilli askarlar va qisman ularni qo‘llab-quvvatlovchi Rossiyaga ag‘darishmoqchi edi. Agarda ma'lumot bunga teskari bo‘lsa, ular (AQSh) uni hech qachon oshkor etishmaydi”, - deya aniqlik kiritdi Putin.

Shuningdek, Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, Malayziya Boeing’ining halokati, agarda Ukraina rahbari Rossiyaga quloq tutganda va keng ko‘lamli harbiy harakatlarni boshlamaganda, yuz bermasdi.

“Aynan Ukraina hukumati Donbassda barcha turdagi quroldan foydalanishni boshladi”, - degan Putin.

Ma'lumot uchun, Malaysia Airlines’ning Boeing-777 samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga reysni amalga oshirgan. 2014 yilning 17 iyul kuni samolyot Donbassda halokatga uchradi. 283 yo‘lovchi va ekipajning 15 a'zosi – 10 davlat fuqarolari hayot bilan vidolashdi.

Top