23:47 / 19.06.2017
51579

Ma'rifat nidosi: o‘qituvchilik xorlik emas, zorlik emas, borlik ishi-ku!

“Biz kimmiz o‘zi o‘qituvchimi yoki?..”

Kun.uz elektron pochtasiga yo‘llangan murojaat ana shunday alamli gap bilan boshlanadi. Yana o‘qituvchi masalasi, yana ularning hashari-yu, hujjatbozliklari haqida gap ketarkan-da, deguvchilar adashadi. Boshida biz ham shunday xayolga borgan edik, ammo maktubda tilga olingan muammo “yangicha” bo‘lib chiqdi...

“Men Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashayman va maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Biz maktabda yosh avlodga qo‘limizdan kelgancha ta'lim-tarbiya bermoqdamiz, ammo hozirgi kunda bizlarga shunaqangi ishlar buyurilmoqdaki, ochig‘i o‘qituvchiligimizdan nafratlanib ketyapmiz.

Men o‘qituvchilarning hasharga chiqishi yoki hujjatlar haddan ziyod ko‘pligini aytmoqchi emasman, chunki bu masalalar shundoq ham juda ko‘p yozildi. Yaqindan boshlab bizga tuman hokimligi tomonidan yangi topshiriq berildi. Joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz nafaqalarni keksa otaxon va onaxonlarga naqd ko‘rinishida to‘lash haqida farmon chiqargan edilar. Bundan biz o‘qituvchilar ham foyda ko‘rgandik, ya'ni plastik kartani naqd pulga aylantirish foizlari 20-25 foizdan 10 foizgacha pasaygandi.

Ammo nimadir bo‘ldi-yu, bizda iyun oyidan boshlab nafaqalarni yana plastik kartalarga o‘tkazish boshlandi. Bunisi mayliku-ya, tuman hokimiyati mutasaddilari nafaqa oladigan otaxon va onaxonlar yoniga o‘qituvchilarni yubormoqda. Yanada soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, har bir o‘qituvchi kamida bittadan nafaqa oluvchini plastik kartaga "o‘tkazishi" majbur emish. “O‘z ixtiyori bilan o‘tganlik haqida ariza olib kelmasalaring, ta'tilga chiqarmaymiz, ishdan haydaymiz”, degan siyosat qo‘llanmoqda.

Endi o‘ylab ko‘ring, biz qanday qilib bu ishni amalga oshiramiz? Bordik, ammo nafaqa oluvchilar yuzimizga qarab “Sen Yurtboshimizning farmoniga qarshimisan?”, deb aytdilar. Bu aslida o‘qituvchiga yuklanadigan ishmi? Axir bizning bugungi holatimizni yosh avlod o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi-ku. Shundan keyin ham ular qanday qilib o‘qishga qiziqishi mumkin. Oqibati nima bo‘ladi? O‘zi shundoq ham ikki oyda bir marotaba maosh olmoqdamiz, bu maosh ham turli xil yangi soliq turlari bilan ancha kamayib ketdi. Masalan, biz qishloqda yashaymiz, yaqinda bizga suv va chiqindi solig‘i qo‘shildi. Axir bizda toza ichimlik suvi yoki chiqindi to‘kadigan maxsus joylar yo‘q-ku. Xizmati ko‘rsatilmaydigan bu kabilarga qanday qilib soliq to‘lash mumkin? Haligacha may oyining maoshini olganimiz yo‘q.

Mana endi nafaqa muammosini eshitgan olg‘irlar darrov plastik kartani 15 foizga naqdlashtirishni boshlashdi. Maktabni hozirda “bekorchi odamlar”ning hammasi tekshirgani kelmoqda. Hatto qishloq nozirlari ham o‘qituvchilarning konspektlarini titkilashmoqda. O‘zi oladigan maoshning tayini yo‘g‘u, tekshirishda biror kamchilik chiqsa, hokimiyatga 30 foiz jarima to‘laysiz. Naqadar kulgili!

Oddiy bir o‘qituvchidan 21 xil yozma hujjat talab qilinadi. Bu hujjatbozliklarni optimallashtirsa bo‘ladi. Bemalol bo‘ladi. O‘sha 21 dona hujjatni asosiy 5-6tasini qoldirib, tejalgan vaqt hisobidan darsni tahlil qilish yoki o‘quvchilarni monitoring testdan tez-tez o‘tkazish mumkin.

Biz uzoq uylab shunday xulosaga keldik. Fikrimizcha, ta'lim tizimini butunlay isloh qilish kerak, bu tizimni tuman va viloyat hokimligidan butunlay ajratib, alohida markazga bo‘ysunuvchi tizimga o‘tkazish lozim va o‘qituvchilardan faqat o‘z ishini talab qilish kerak. Ana shunda yosh avlodning ta'lim-tarbiyasi yanada tezroq rivojlanadi va ishsizlik darajasi pasayadi.

Murojaat egasi keskin tanqidlarini va erkin fikrlarini davom ettirar ekan, shunday qo‘shimcha qiladi:

“Men hozirda o‘qituvchilarga yuklatilayotgan ishlarning yarmini ham aytganim yo‘q. Maqsadim kimgadir yoki biror qarorga qarshilik qilish emas, shunchaki o‘qituvchidan o‘z ishi so‘ralsin deyman. Bu holat davom etadigan bo‘lsa, o‘qituvchilarning o‘z kasbidan ko‘ngli sovushi, talantli o‘qituvchilar ishini tashlab ketishi, bu esa kelajakda butun jamiyat rivojiga yomon ta'sir qilishi mumkin”.

Inson tomonidan aytilayotgan har bir fikr jamiyat uchun o‘z qiymatiga ega. Faqat uni to‘g‘ri baholay olmoq kerak. Hukumat tomonidan olib borilayotgan islohot esa ana shu insonlar yashaydigan jamiyat farovonligi uchun. Buni to‘g‘ri anglab, erkin fikrlar bilan uyg‘unlashtirmoq kerak.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod qilgan o‘zbek milliy ma'rifatparvar shoiri, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy intizomni inson xarakterini tarbiyalovchi, mukammallashtiruvchi manba deb bilgan va unga doim, qat'iy rioya qilish kerakligini ta'kidlaydi: «Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o‘z vaqtida tartibi ila qilmoqni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo‘lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar...

..har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida, nizomdan chiqarmay tartibi ila yuritmakg‘a bog‘lidur... Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, o‘zlari parishon bo‘lurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yuritgan kishilarning ishlari yerida, o‘zlari tinch va rohatda o‘tkarurlar».

Top