12:52 / 19.06.2017
31999

Toshkentda bosqinchilik yo‘li bilan 12,5 mln so‘mni qo‘lga kiritgan shaxslar ushlandi, ulardan biri ayol kishi

Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 15 iyun kuni taxminan soat 08:30 larda, noma'lum shaxs, bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida, Yunusobod tumani hududida fuqaro Sitora Abdusamatovaga (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) hujum qilib, tan-jarohati yetkazib, undan 12.500.000 so‘m naqd pul mablag‘larini egallab, hodisa joyidan yashiringan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 1-qismi (bosqinchilik, ya'ni o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot uchun havfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib sodir etish ) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tergov tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni muqaddam sudlangan, To‘lqin Abdugapparovich Xalilov, Bekzod To‘xtasin o‘g‘li Abdullayev va Marhuba Nosirovna Po‘latovalar sodir etishganligi aniqlanib, ulardan talon-toroj qilingan pullar daliliy ashyo sifatida olingan. 

Xalilov, Abdullayev va Po‘latovalarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Yuqoridagi shaxslarning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Top