16:43 / 20.06.2017
32183

Abduraimov Babayanni tanqid qilib, O‘FFga e'tiroz bildirdi

«Interfutbol» nashri afsonaviy futbolchi Birodar Abduraimovdan terma jamoaning so‘nggi natijalar haqidagi fikrlarini so‘rab, intervyu oldi.

Abduraimov Samvel Babayan murabbiylik qilayotgan jamoaning bir qator og‘riqli nuqtalariga to‘xtalib o‘tgan.

Nashr quyidagi savollar bilan murojaat qilgan:

1. Eron - O‘zbekiston o‘yini haqidagi umumiy fikrlar.

2. O‘zbekiston terma jamoasi Tehronda o‘tgan avvalgi bahsda Eronni mag‘lub etgan edi. Bu safar nima o‘zgardi - O‘zbekiston kuchsizlandimi yoki Eron kuchayganmi?

3. Samvel Babayan ayni vaqtdagi tarkibni o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi, deb aytgan edi. Ammo Eronga qarshi kechgan bahsda o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchsiz jamoa maydonga tushdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?

1. Eron termasiga qarshi kechgan o‘yinda har ikki jamoa o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rinib qoldi. Forslarning har bir chizig‘ida yetarlicha variant bor edi. Bizda esa…

Endi bir gap-da - g‘alaba qozonish uchun hujum qilish kerak. Bu o‘yinda tayinli hujum ko‘rdikmi, o‘zi? Bir marta Temurxo‘ja Abduxoliqov darvoza tomon zarba berganini aytmasa, boshqa vaziyatning o‘zi bo‘lmadi-ku! Igor Sergeyev nima uchun maydonga tushganini o‘zi ham bilmasa kerak. Umuman, bu hujumchi terma jamoaga munosibligining o‘zi bitta savol. Terma jamoa deganiga da'vogarlar bir-biri bilan raqobat qilishi kerak, kamida 4-5 futbolchi bir joy uchun kurashsin. Bizda vaziyat qanday? Hujumda kimni ko‘rsata olasiz? O‘zi bir yarimta hujumchimiz bo‘lsa, kim o‘yinni kuchaytira oladi?

Samvel Babayan boshqarayotgan terma jamoaning kuchli uchlikka kira olishiga ham shubha tug‘ilmoqda. U bizga ko‘p narsalarni va'da qilgandi, ammo qani u aytgan Osiyoda taniqli bo‘ladigan o‘yin uslubi?

Hozir nafaqat bosh murabbiyga, O‘FFga ham e'tirozlar yetarli. Federatsiya rahbariyati terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash chog‘ida faxriylar bilan maslahatlashsa yaxshi bo‘lardi. Samvel Babayanga termani topshirish vaqtida bizning fikrimiz bilan hech kim qiziqmadi. Butun umri futbol ichida o‘tgan inson boshqa ish qila olmaydi. Rahbariyat bir og‘iz so‘raganda, biz ham o‘z fikrimizni aytgan bo‘lardik. Terma jamoani boshqarishga Samvel Babayandan boshqa nomzod yo‘qmidi?

Jahon chempionatiga chiqish uchun avvalo, o‘yinimizni kuchaytirib, Osiyoda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimiz lozim. Eronda kechgan bahs mundialga nomunosib ekanimizni ko‘rsatib berdi. Kim aybdor? Bu savolga endi o‘zingiz javob topavering. Hozir vaziyat shundayki, futbolda suyagi qotgan, ish ko‘rsatganlar bir chetda tomoshabin bo‘lib turibdi. Professional futbolning ichida bo‘lmaganlar esa bosh rolda. Bir o‘ylab ko‘ring, Karlush Keyrush qayerda-yu, Samvel Babayan qayerda? Eron terma jamoasi bu uchrashuvni juda aqlli o‘tkazdi, har bir futbolchi aniq maqsad bilan harakat qildi. Bizda esa 3-4 futbolchi jon kuydirib o‘ynadi, qolganlari esa tomosha qilib turishdi. Jahon chempionati yo‘llanmasi hal bo‘ladigan o‘yinni ham shunday o‘tkazadimi?

2. O‘tgan safar Eronni Tehronda mag‘lub etganimiz bilan ular o‘sha vaqtda kuchsiz bo‘lgan, deb ayta olmayman. Bunaqa natijalar uchrab turadi, biz ham 60-yillarda ketma-ket chempion bo‘layotgan «Spartak»ni safarda 1:0 hisobida yenggandik. Eron o‘shanda ham kuchli edi, ammo yengishning uddasidan chiqishgan. Raqib o‘sha o‘yindan beri ancha kuchaydi. Ular Yevropaning kuchli jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishyapti.

O‘zbekiston terma jamoasida esa muammolar keragidan ham ortiq. Biz oddiygina tarkib masalasida ham to‘g‘ri ish olib bora olmayapmiz. Masalan, «Paxtakor»dan chaqirilgan futbolchilarni oladigan bo‘lsak - Aleksandr Lobanov, Igor Sergeyev, Davron Hoshimov va Stanislav Andreyevning qanaqaligini O‘zbekiston kubogida «Nasaf»ga qarshi kechgan o‘yinda ko‘rgandik. Ularni terma jamoaga chaqiraverishning o‘zi qanchalik to‘g‘ri? Yana ham Davron Hoshimovga qizil kartochka ko‘rsatilmadi. Hakam ayadi, aks holda, uni bemalol chetlatishi mumkin edi.

Biz esa shunday tarkib bilan ushbu termani yutishni orzu qilib yuribmiz.

3. Eronga qarshi kechgan o‘yinda o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchsiz jamoa maydonga tushdi, degan fikrga to‘liq qo‘shilaman. Samvel Babayan o‘sha gapini nima uchun aytganini bilmadim-ku, biroq istagancha e'tiroz bildirish mumkin. Oddiy misol, 1994 yilda O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqan edi. Hozirgi tarkib nimani qoyillatdi?

Bir o‘ylab ko‘ring, Odil Ahmedov Mirjalol Qosimovdan kuchlimi? Yoki Igor Sergeyevni Shkvirin bilan tenglashtirib bo‘ladimi? Andrey Fyodorov va Anzur Ismoilov o‘rtasidagi farqni Babayan tushunarmikan? Qani bosh murabbiy bizga va'da bergan o‘sha falsafa? Axir falsafa tugul o‘yinning o‘zi yo‘q-ku! Jahon chempionatida o‘ynash uchun, eng avvalo, unga munosib bo‘lish kerak. Kechagi o‘yinda mundialga munosib bo‘lgan faqat bitta jamoani ko‘rdik - Eron. Biz esa o‘z muammolarimizga o‘ralashib qolganmiz.

Top