15:43 / 20.06.2017
16811

Prezident davlat maslahatchisi Paxtaobod tumani va Andijon shahrida ochiq muloqot o‘tkazdi  

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotda investitsiya loyihalari ijrosi bilan yaqindan tanishib,  bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni aniq ko‘rsatib o‘tdi.  

Kecha  Paxtaobod tumanida viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, faollar, aholi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda ana shu masalalar ijrosi xususida atroflicha  so‘z yuritildi. Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda Prezidentning davlat maslahatchisi Rustam Komilov,  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Ortiqbek Yusupov, viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish bo‘yicha  tizimli ish tashkil  etish, jamoatchilikning kuchiga tayanib, nafaqat jinoyat oqibatlari bilan shug‘ullanish, balki  uning oldini olishni tizimli tashkil etishga to‘htalib o‘tildi. Huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilari tuman miqyosida amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berdilar. 

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadali Mamadaliyev viloyatda, Paxtaobodda amalga oshirilayotgan ishlarni misollar asosida  keltirdi. 

Tumanda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, ixtisoslashuv yo‘liga o‘tish, sanitariya madaniyatini yuksaltirish borasida ham hal qilinishi zarur muammolar to‘planib qolgan. Ayniqsa, maqsadli, malakali, uzluksiz tibbiy xizmat takomillashtirilishi darkor. 

Ilgari  barchamiz muammo tug‘ilishi bilan  viloyat shifoxonalariga shoshardik va bu turli ziddiyatlarni keltirib chiqarar edi.  Endi xoh markazda, xoh qishloqda bo‘lsin, tibbiyot muassasalarini zamonaviy loyihalar va jihozlar bilan ta'minlash orqali muammolarga yechim topilyapti. Tumanning o‘zida hozir 23 turdagi dori-darmon tayyorlanmoqda.  Biroq, umumiy amaliyot va tor mutaxassisliklar bo‘yicha 28 nafar shifokor yetishmaydi. Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchilarini  Paxtaobodga kelib ish boshlashlari uchun nima to‘sqinlik qilyapti? 

 
Viloyat bosh imom xatibi Nuriddin Holiqnazarov yoshlar tarbiyasidagi muammolar xususida so‘z yuritib, imom xatiblarimiz aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm, terrorizm hamda diniy mutaassiblikning oldini olish yuzasidan tizimli ish qanday tashkil etilayotgani haqida gapirdi.  

Xotin-qizlar va yoshlarni (ayniqsa, bekor yurganlarini) ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish muammolari, aholi tomorqasidan foydalanish masalasi kun tartibiga qo‘yilganida, ikkita jihatga e'tibor qaratildi. Birinchidan, oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligiga, ikkinchidan bandlikni ta'minlashga erishiladi, bunga qo‘shimcha qilib, yoshlarda mehnat tarbiyasini shakllantirishni aytish mumkin.

Viloyat hokimi amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” xususida to‘xtaldi. Ochiq muloqot chog‘ida To‘qqizbog‘ mahallasida yashovchi Jasurbek Abdumutalibov oilaviy sharoiti, onasining nogironligi haqida gapirib, ko‘makka muhtojligini aytdi. Viloyat hokimi uning uyiga bordi. Xonadonga sigir beriladigan bo‘ldi, moddiy ta'minot ham yaxshilanadi.

Shu kuni Uchko‘za qishloq vrachlik punktiga yangi “Tez tibbiy yordam” mashinasi topshirildi. 

Kunning ikkinchi yarmida viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham ana shunday ochiq muloqot o‘tkazildi. 

Shahar faollari, aholi vakillari ishtirokidagi uchrashuvda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sherzodbek To‘xtaboyev, Andijon shahri prokurori Olimjon Soliyev, shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhratbek Parpiyevlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini yaxshilash, aholi xavfsizligini ta'minlash hamda profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tajribalari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Kun tartibidagi beshta masala yuzasidan ochiq va tanqidiy fikrlar bildirildi.

Ana shunday ochiq muloqotlar bugun viloyatning Bo‘z va Jalaquduq tumanlarida bo‘lib o‘tadi. 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
Rustamjon Eshonov olgan suratlar

Mavzuga oid
Top