17:34 / 20.06.2017
9857
Surxondaryoda noo‘rin rashk sabab fuqaroga tan jarohati yetkazildi va narsalari o‘marildi

Shohista Sheraliyeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) noo‘rin rashk sabab oilasining tinchini buzdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Uyiga mehmon bo‘lib kelgan opasiga dardini aytib, yig‘lay boshlagan Shohistani opasi Sanam “qo‘y, o‘sha eringni, insof berib qolar, bolalaring katta bo‘lib qoldi”, deya tinchlantirdi. Singil esa yig‘idan tiyilmas, erining boshqa ayol bilan birga yurganini takrorlab, opasiga ko‘nglidagi rejasini aytdi. Avvaliga singlisini tinchlantirishga, og‘ir-vazmin bo‘lishga undayotgan opa birdaniga singlisining dardiga “kerosin sepib”, yana alangalatdi.

Sanam jahl bilan o‘rnidan turib, “hoziroq borib ko‘rsatib qo‘yamiz unga birovlarning eriga osilish qanaqa bo‘lishini”, deya Shohistani ko‘chaga sudradi.

Sanam Sheraliyevani olib ketish uchun kelgan o‘g‘li Bahodir va uning o‘rtog‘i No‘mon ham ularga sherik bo‘lishdi. Kerakli manzilga yetib borib, eshikni taqillatishdi. Eshik ochilar-ochilmas ichkariga yopirilgan kutilmagan mehmonlarning vajohatidan Nozima Bekjonova dovdirab qoldi.

Shohista kira solib, “Senmi, meni erim bilan yurgan?!”, deb Nozimaga tashlandi.

Ayol esa, ushbu holatni umuman tushunmas, hatto bu odamlar uyiga nima uchun kelib, janjal qilayotganliklarini ham anglamagan edi. “Hozir hammasini bilib olasan”, deya Shohista uning sochlariga yopishdi. Unga hamroh bo‘lgan Sanam va Bahodir ham Nozimaga tashlandi. Ular xonadon sohibasining sochlarini kesib, tepkilab, qo‘lini sim bilan bog‘lab, unga turli darajadagi tan jarohati yetkazishadi. Shunda ham xumoridan chiqmagan Shohista opasi va jiyaniga uning uyidagi narsalarni eri olib berganligini aytib, barcha buyumlarni olib chiqib ketishga ko‘rsatma beradi.

Shohista boshchiligidagi “bosqinchi”lar Nozimaning qulog‘idagi 900 ming so‘mlik ikkita ayollar tilla ziragi, 2 mln. so‘mlik tilla zanjir, barmoqlaridagi 750 ming so‘mlik uchta tilla uzuk, 4 mln. so‘mlik “Artel” rusumli televizor, 350 ming so‘mlik DVD-pleyer, 100 ming so‘mlik elektr isitgich, xullas, idish-tovoq va boshqa uydagi jamiki buyumlarni olishadi.

Bu ham Shohistani tinchlantira olmadi. Endi ular Nozimaga tegishli pasport, oila a'zolariga tegishli shaxsiy hujjatlar va yashash xonadonining hujjatlarini olib qo‘yishdi.

Chaqirilmagan mehmonlarning “hujumi”dan tan jarohati olgan Nozima Bekjonova Sho‘rchi tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizildi.

Olib borilgan dastlabki tergov va surishtiruv natijasida Shohista Sheraliyevaga jinoiy sherik bo‘lgan barcha shaxslar o‘z ayblarini tan olishdi.

Ularga jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

Top