18:35 / 21.06.2017
12754

Azamat Abduraimov: «Saralashning eng muhim o‘yinini boy berdik»

«Interfutbol» nashri O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Azamat Abduraimovdan terma jamoaning so‘nggi natijalar haqidagi fikrlarini so‘rab, intervyu oldi.

- Azamat aka, shaxsan sizda Tehrondagi o‘yindan oldin ijobiy natijaga umid bormidi?

- Albatta, men ham barcha muxlislar singari g‘alabaga umid qilgandim. Ishongan edim, demoqchi emasman. Ishonch va umid o‘rtasida farq bor. Bungacha Eronni Mirjalol Qosimov murabbiyligida «Ozodi» stadionida mag‘lub etishni uddalagan edik. Ochig‘ini aytsam, men murabbiylarga emas, ko‘proq futbolchilarga ishongandim. Ayniqsa, terma jamoamiz yetakchilari Odil Ahmedov, Aziz Haydarov va Server Jyeparovni saralashning eng muhim o‘yinida jamoadoshlarini o‘z ortlaridan ergashtira oladi, deb o‘ylagandim. Sababi, JCh-2018 final bosqichiga chiqish uchun bizni faqat va faqat g‘alaba qoniqtirardi. Shuning uchun, bu o‘yinga «maydonda jon ber, lekin g‘alaba qozon», degan shior bergan bo‘lardim. Qolaversa, terma jamoaning aksariyat futbolchilari o‘yindan oldin bergan intervyularida Eronni mag‘lub etishlarini, murabbiyimiz esa mezbonlarga «syurpriz» tayyorlab qo‘yilganini aytgandi. Mana shu omillar terma jamoamizning saralashdagi eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatishi va g‘alaba qozonishi uchun umid uyg‘otgandi. Afsuski, amalda bunday bo‘lmadi. Raqibga atalgan «syurpriz»ni ham ko‘rmadik. Eng yomoni, g‘alabaga bo‘lgan harakat ham ko‘zga tashlanmadi. Futbolda mo‘'jizalar uchraydi. Buni hech kim inkor eta olmaydi. O‘z misolimizda aytsak, 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari fikrimga yaqqol isbot bo‘ladi. O‘sha musobaqaning yarim finalida Janubiy Koreya termasini mo‘'jiza evaziga mag‘lub etgandik. Tan olamiz, koreyaliklar bizdan yaqqol ustun va kuchli edilar. Darvozabonimiz Yuriy Sheykin bo‘lmaganida biz aniq yutqazardik. Qolaversa, himoyachilarimiz ham o‘yinga jonlarini tikkandilar. Agar omad bizga kulib boqmaganida, o‘sha uchrashuvda darvozamizdan aniq 5-6ta to‘p o‘tkazib yuborardik. Omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Lekin omad g‘alabaga ishtiyoqi juda kuchli jamoalarga kulib boqadi. Yana bir bor aytaman, bizning yigitlarda ishtiyoq yo‘q edi. O‘tgan yilgi Yevropa chempionatini esga olamiz. Uels va Islandiya termalari har bir uchrashuvda so‘nggi soniyalargacha kurash olib borishdi. Bu ikki jamoa mahorat va tajriba bobida raqiblaridan yaqqol kuchsiz edilar. Ammo o‘sha ishtiyoq evaziga hech kim kutmagan g‘alabalarga erishdilar. O‘z navbatida, murabbiylar shtabiga ham ko‘p narsa bog‘liq. E'tibor berdingizmi, men murabbiylar shtabi jumlasini ishlatdim. Hali o‘yinning taktik tomondan shakllantirilishi haqida gapirmayapman. Futbolchilarning oddiy ruhiy holati ham maromida emasdi. Biz shu kungacha Babayanning yaxshigina psixolog, kuchli motivator ekani haqida ko‘p eshitganmiz. Uning bu mahorati Filippin yoki Yaman terma jamoasiga qarshi kechadigan bahsga tayyorlashga yetadi, undan ko‘piga emas. Masalan, Suriya bilan bo‘lgan o‘yinda ham futbolchilar murabbiylari va eng muhimi, Vatan uchun jon fido qilishga tayyor ekanliklarini ko‘rmadim.

- Nima deb o‘ylaysiz, bosh murabbiy o‘yinga tarkib tanlashda adashdimi? Babayanning o‘rnida siz bo‘lganingizda, tanlovingiz qanday bo‘lardi?

- O‘yin o‘tib bo‘lganidan keyin tarkibning to‘g‘ri tanlangani yoki aksincha ekanligini muhokama qilish oson. Bunday vaziyatda men hamisha murabbiy tomon bo‘lganman. Jamoadagi hozirgi muhit, futbolchilarning holatini hech kim murabbiydan yaxshiroq bilmaydi. Avvalgi o‘yinlar va Babayanning taktikasidan kelib chiqqan holda, Eronga qarshi uchrashuvga tanlangan tarkibdan hayratga tushmadim. Bosh murabbiy natijaga javob beradi, demakki, tarkib tanlashga ham u mas'ul. Agar men bosh murabbiy bo‘lganimda, maydonga boshqa tarkibni tushirardim. Bu yerda gap ma'lum bir futbolchi haqida ketmayapti. Gap shundaki, murabbiy tanlagan taktik sxemaga o‘sha futbolchi javob berishi kerak. Boshqa tomondan olib qarasak, futbolda shunday qonun-qoidalar borki, ularni buzib bo‘lmaydi. Ya'ni, o‘z klubida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan futbolchining maydonga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

- Shunday qilib, mag‘lubiyatda kim aybdor?

- G‘alaba futbolchiniki, mag‘lubiyat esa murabbiyniki bo‘lib kelgan. Natijaga hamisha bosh murabbiy javob bergan. Bu mening gapim emas, balki tarixiy haqiqat. Hozir mag‘lubiyatga bir nechta sabablarni keltirib o‘tish mumkin. O‘ylaymanki, hali bu o‘yin yaxshigina muhokama qilinadi. Keyingi uchrashuvgacha yetarlicha vaqt bor. Xatolarimizni ko‘rib chiqish uchun yetarli muddat. Hamma gap to‘g‘ri xulosa chiqarishda. O‘tgan yili Seulda Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yinning birinchi bo‘limida oldindan o‘ylangan taktikaga guvoh bo‘lgandik. Futbolchilarimiz mezbonlarning maydonda erkin harakat qilishiga yo‘l berishmagan edi. Kuchli pressing evaziga koreyaliklarning to‘p bilan erkin muomala qilishini chegaralab qo‘yishgandi. Bosim ostida qolgan maydon egalari xato qilishga majbur bo‘lgandilar. Bikmayev esa bu «sovg‘a»dan unumli foydalanib, mezbonlarni jazolagandi. O‘sha uchrashuvning birinchi bo‘limida murabbiylar shtabining ishi ko‘ringan edi. Eron bilan o‘yinda xuddi shunday oldindan o‘ylangan kombinatsion, taktik futbolni ko‘rmadik. Himoyachilarning qo‘pol xatosi sabab Azmun maydon markazidan qochib ketib, Lobanovni ojiz qoldirdi. Darvozabon ikkala vaziyatda ham bizni qutqarmadi.

- Hozir ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda Samvel Babayanni Aleksandr Lobanov, Igor Sergeyev va Stanislav Andreyevga katta ishonch bildirayotganlikda ayblashyapti. Ushbu futbolchilar murabbiyning ishonchini oqlamayotgani e'tirozlarni yana ham kuchaytiryapti. Bu borada fikringiz qanday?

- Albatta, Andreyevning erta almashtirilishi murabbiylarning rejalarini buzib yubordi. Lekin chap qanot himoyachisining jarohat olishini katta yo‘qotish sifatida qabul qilish kerakmi? Nima, bizning o‘yinimiz chap qanot himoyachisi orqali qurilib, hujumlarimiz u tomonidan rivojlantiriladimi? Yo‘q, albatta! Eng kutilmagan holat Andreyevning o‘rniga Hoshimovning maydonga tushirilishi bo‘ldi. Vaholanki, zaxira o‘rindig‘ida Sayfiyev o‘tirgan edi. Boz ustiga, Babayan Denisovning o‘ynay olmasligini bir necha hafta oldin bilgandi. Nega o‘rtoqlik o‘yinida chap qanot himoyachisi bo‘lgan Farrux Sayfiyev sinab ko‘rilmadi? Nimaga nazorat bahsida ham, rasmiy o‘yinda ham faqat Lobanov maydonga tushishi kerak? Mabodo, Sasha jarohat olsa nima bo‘ladi? Terma jamoada o‘yin amaliyoti bo‘lmagan darvozabonga murojaat qilinadimi? Endi Babayan nazdida bugungi kundagi birinchi raqamli hujumchimiz haqida. Tan olish kerak, Igor Sergeyev hozirda o‘zining bir paytlardagi yuqori sport formasidan ancha yiroqda. U jarohatidan endigina forig‘ bo‘lyapti. Nimaga shunday muammosi bor futbolchiga ikkinchi bo‘limda ham imkoniyat berildi? Eng muhimi nima, bilasizmi? Babayanga jamoani qiyin vaziyatdan olib chiqib ketish yetishmaydi. Hisobda ortda borayotgan vaziyatda qanday yo‘l tutishni bilmaydi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar hisobda oldinda borayotganlariga qaramay, futbolchilarimizga hujum uyushtirish uchun imkoniyat berishdi. Ular hujumga o‘tib, tavakkal qilishmadi. Hisobni saqlab qolish uchun ehtiyotkorlik bilan o‘ynashdi. Biznikilar esa bunday imkoniyatdan foydalanib qola bilishmadi. Murabbiylarimiz o‘yin avvalida uchrashuvga qanday taktika tanlangan bo‘lsa, o‘sha uslub asosida o‘ynashda davom etishni afzal bilishdi. Bizning murabbiylarda taktikani o‘yinning borishiga qarab o‘zgartirish kerak, degan tushuncha yo‘q. Qanotlardagi futbolchilar almashtirildi. Abduxoliqov zaxiraga olingach, uning o‘rnida, ya'ni markaziy hujum pozitsiyasida Sergeyev harakat qila boshladi. Yana o‘sha eski - 4-2-3-1 sxemasiga o‘tildi. Butun o‘yin davomida darvoza tomon bittagina zarba yo‘llay oldik. Shu ham noaniq chiqdi. Xullas, ijobiy natija haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Darvozaga aniq to‘p yo‘llay olmayapmizu, qanday qilib g‘alaba qozonamiz? Himoyadan hujumga o‘tish juda sekin amalga oshdi. Tabiiyki, maydon egalari ortga qaytib, barcha zonalarni yopishga ulgurishdi. Eronlik himoyachilarning bo‘ydor ekanligini bila turib, qanotlardan hujumlar tashkil qildik. Temurxo‘jada bitta imkoniyat bo‘ldi. O‘sha darvoza tomon berilgan yagona zarba muallifi ham Abduxoliqov edi. Sergeyev esa umuman ko‘rinmadi. Xullas, murabbiylarga o‘yin va tarkib yuzasidan savollar bisyor. O‘ylaymanki, ular bu savollarga javob berishadi.

Top