19:04 / 21.06.2017
10926

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjyenkova rahbarligidagi delegatsiya a'zolari O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Natalya Xanjyenkova - Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori:

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirmay turib iqtisodiyotni yuksaltirib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda kichik biznes rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyatlar e'tiborga molik. “Imkon plyus”, “Andijon kabel”, Jurabek laboratories va boshqa kichik biznes sub'yektlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan. Kichik va o‘rta korxonalar uchun maslahat berish va moliyalashtirish xizmatlari ehtimoliy dasturi, transchegaraviy savdo va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan savdoni moliyalashtirish, texnologiyalar va nou-xaular almashinuvini ta'minlash imkonini beradigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishni rejalashtirganmiz”.

Delegatsiya a'zolari Marg‘ilon shahridagi “Yodgorlik” xususiy firmasida kutib olindi. Bu yerda mehmonlar tadbirkor A'zamjon Abdullayevning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Adras matosining dastlabki bosqichlaridan tortib, uning abrbandchilik ishlari, to‘qilish texnologiyalarini birma-bir ko‘zdan kechirishdi.

Farg‘ona viloyatida 20 mingga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 63,4 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 48 foizni, aholi bandligidagi ulushi 81 foizni tashkil etmoqda. Viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining rivojlanib borayotganligi tadbirkorlik sub'yektlarining kredit resurslari, chet el investitsiyalariga bo‘lgan talabi ham yildan-yilga ortmoqda. Farg‘ona viloyatini 2017-2021 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida 13 ming 524 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Neyl Teylor – Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bo‘yicha mintaqaviy dastur rahbari:

“Farg‘onaga birinchi marotaba tashrif buyurishim, tashrifning asosiy maqsadi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi faoliyatini qayta tiklash, bu yerda kichik hamda o‘rta biznes sub'yektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga bankimiz tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha batafsil ma'lumot berish. Bankimiz ularning mahsulotini Yevropa mamlakatlariga chiqishida kreditlar berishga, ularga yordam ko‘rsatishga tayyor. Shuningdek, biz mamlakatingizdagi banklar bilan hamkorlik qilib, tegishli kredit liniyalarini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz”.

Delegatsiya a'zolarining navbatdagi manzili Qo‘shtepa tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Ibrohimjon Sultonovning korxonasiga qaratildi. Bu yerda bugungi kunda atlas, adras, shoyi, beqasam matolari hamda bu matoda tikilgan turli buyumlar hamda 100 foiz tabiiy bo‘lgan gilamlar to‘qilmoqda. Bu gilamlarni jahon bozorlarida uchratish mumkin. “Ismoiljon gilamlari” korxonasida bugungi kunda 815 nafar ishchi faoliyat olib boradi. Ulardan 264 nafari kasanachidir. Mehmonlar bu yerdagi gilam to‘qilishi va uning ish jarayoni bilan yaqindan tanishar ekanlar tadbirkorning mahsuloti Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham ekspert bo‘lishida o‘z maslahatlarini berib o‘tdilar.

Bir kun davomida ko‘plab tadbirkorlar bilan uchrashib ularning mahsulotini jahon bozoriga olib chiqishda o‘zaro fikr almashgan delegatsiya a'zolari o‘z manzillari tomoni yo‘l oldilar. 

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Top