10:20 / 21.06.2017
13390

O‘g‘irlik qilgan kollej talabalari ushlandi

Erta tongdan duradgor Xurshid usta ukasi Mansur bilan do‘konining eshigini ochdi. Ichidagi narsalar sochilib yotganini ko‘rib, hushi boshidan uchdi. Ichkari xonasidagi kichik deraza ochiq edi. Yugurib borib, stol tagiga qaradi. Seyf joyida yo‘q edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Muhriddin kunbotar payti tuman markazidagi kompyuter o‘yinlari o‘ynaladigan binoga kirib bordi. U yerda o‘zidan to‘rt-besh yosh kichik, hali kollejda o‘qiydigan tanishlari Shahriyor, Abdulsobit va Shohjahon go‘yo monitor ichiga kirib ketguday bo‘lib, o‘yinni avjiga chiqarishgan edi. Muhriddin ularga qo‘shilib ketganini sezmay qoldi.

To‘rtovlon do‘kondan chiqib, ko‘chada sayr qila boshlashdi. Vaqt allamahal bo‘lgani, ota-onalari xavotir olishi mumkinligi hech birining xayoliga kelmasdi. Muhriddin va Shahriyor yo‘lda do‘konga kirib, spirtli ichimlik olib chiqdi. Eshik-rom yasaladigan do‘kon ortidagi stadionga o‘tib, ulfatchilik qilishdi. Ichimlik izg‘irinda junjikkan tanalarini qizdirdi, so‘ng ko‘ngil tubida cho‘g‘lanib yotgan shum niyatlarga moy sepdi. Sarxush ulfatlarning gurungi o‘z-o‘zidan pul topishga borib taqaldi. So‘ng to‘rtovlon yonlaridagi do‘konga o‘g‘irlikka kirish rejasini tuza boshlashdi. Shohjahon o‘qishdan bo‘sh paytlari do‘kon egasi bo‘lgan duradgor X.Sa'diyevga qarashib turardi. Shu bois do‘kon ichidagi manzara unga tanish edi.

Vaqt o‘tqazish uchun Muhriddinning uyiga borishdi. Yarim tunda yana do‘konga qaytib kelishdi. Shahriyor va Shohjahon Muhriddinning yelkasiga oyoq qo‘yib, derazadan oshib, ichkariga kirishdi. Biroz vaqt o‘tib, ular derazadan Muhriddin va Abdulsobitga seyfni uzatishdi.

Seyfni stadion tomonga ko‘tarib borishdi. So‘ng yonlaridagi kalitlarni birma-bir uning qulfiga suqib ko‘ra boshlashdi. Nihoyat seyf ochildi. Allaqanday qog‘ozlar, pasportlar orasidan 66 ming so‘m pul topishdi. “Pasport va boshqa hujjatlarni derazadan ichkariga tashlab kelaylik”, - dedi sheriklardan biri. Muhriddin unamadi. Seyf ichidan chiqqan narsalarni stadion chetidagi chuqurlikka ko‘mishdi, hujjatlarni yoqib yuborishdi, 5 dona pasportni Muhriddin olib ketdi...

O‘g‘ri bolalar uzoqqa borisholmadi. Olib borilgan tezkor tadbir davomida ularning qing‘irliklari fosh etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tumani sudining hukmiga ko‘ra ularga tegishli jazo tayinlandi. Jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanganligi qayd etilgan holda xavfli retsidivist hisoblangan, ilgari sodir etgan jinoyati uchun oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishi jazosi tayinlangan Muhriddin Ergashev tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Voyaga yetmagan o‘smirlar – Shahriyor Ravshanov eng kam ish haqining 15, Shohjahon Musurmonov va Abdulsobit Kamolov esa 10 baravari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘lishdi. 

Top