19:15 / 22.06.2017
52949

Sobiq ittifoq Hitler urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini hujumdan uch oy oldin bilgan

Sobiq ittifoq qurolli kuchlari qo‘mondonligi natsistlar Germaniyasining urushga tayyorgarligi haqida 22 iyundan uch oy oldin xabardor bo‘lgan. Biroq, bu josuslik ma'lumotlariga ishonchsizlik bilan qarashgan, deyiladi general-leytenant Kuzma Derevyankoning xotiralarida. Ulardan maxfiylik maqomi Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan Ikkinchi jahon urushi boshlangani sanasiga 76 yil to‘lishi munosabati bilan olib tashlandi.

Derevyanko urush boshlangan payt Boltiqbo‘yi alohida harbiy okrugi shtabi josuslik bo‘limi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Derevyanko va yana olti nafar sovetlar sarkardasi tomonidan urush boshlanishi haqida xotiralar sovetlar armiyasi bosh shtabi harbiy-tarixiy boshqarmasi iltimosiga ko‘ra 1953 yilda yozilgan. Ular Rossiya mudofaa vazirligi saytida ilk bora e'lon qilindi.

"Qo‘mondonlik va okrug shtabi Germaniyaning Sobiq ittifoqqa qarshi urushga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani borasida ishonchli ma'lumotlarga ega bo‘lgan. Bu harbiy harakatlar boshlanishidan ikki-uch oy muqaddam ro‘y bergan. Josuslik bo‘limi tomonidan turli manbalar orqali olingan ma'lumotdan tashqari, josuslik bo‘limi rahbari va men 1941 yilning mart-aprel oyilarida okrug qo‘mondonligiga shaxsiy kuzatuvlar haqida hisobot berganmiz. Ular bizning Memel, Sharqiy Prussiya va Suvalk viloyatidagi ishimiz paytida olingan", - deya yozdi Derevyanko.

Josusning xotiralariga ko‘ra, iyun oyi boshidayoq Boltiqbo‘yi alohida harbiy okrugi qo‘mondonligiga Hitler qo‘shinlari hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma'lumot yetkazilgan.

"Hitler Germaniyasi tomonidan harbiy harakatlar boshlanishi vaqtiga oid ma'lumotlar okrug shtabiga iyun oyining boshida kelib tusha boshlagan. Ular josuslik bo‘limi tomonidan yig‘ilgan. Urushdan avvalgi eng so‘nggi haftada bu ma'lumotlar deyarli har kuni kelardi, shu bilan birga, 3-4 kun avval esa nafaqat kun, balki harbiy harakatlar qaysi soatda boshlanishi ham aytila boshlandi. Bu ma'lumotlarning bari josuslik bo‘limi tomonidan okrug shtabi boshlig‘iga tezkorlik bilan yetkazilardi va josuslik boshqarmasiga shifrlash orqali berilardi", - deya ta'kidlab o‘tdi Derevyanko.

Shu bilan birga, generalning qayd etishicha, Boltiqbo‘yi alohida harbiy okrugi josuslari urush boshlanishiga qadar qo‘mondonlikdan o‘z ishlarining baholanishi borasida ma'lumotlar olmagan.

"Biroq, menda shunday fikr uyg‘ongan ediki, okrug qo‘mondonligi xatarga to‘la baho bermagan va ko‘plab ma'lumotlarga ishonchsizlik bilan qaragan", - deya yozgan harbiy qo‘mondon.

Uning xotirlashicha, Shimoli-g‘arbiy front razvedkasi ishi, general Vatutin shtab boshlig‘i etib tayinlangach, urushning ikkinchi haftasida ancha yaxshilandi.

"Dushman tomonga josuslik va qo‘poruvchilik maqsadida yo‘llanuvchi otryadlarni tashkil etishga, shuningdek, bizning qo‘shinlar egallab turgan hududda razvedka maqsadidagi radio uzatish nuqtalarini tashkil etishga katta e'tibor qaratilgan", - deyiladi maxfiylik maqomi olingan hujjatlarda.

Top