23:55 / 22.06.2017
28251

«O‘zbekkonsert» xonandalarning Youtube’dagi bachkana kliplarini oldirmoqda

Internetdagi ayrim ommaviy axborot vositalarida 1 iyuldan boshlab o‘zbekistonlik xonandalar kliplarini Youtube videoportaliga joylashtirish uchun ham «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi qoshida tashkil etilgan badiiy kengash ruxsatini olishi kerak bo‘ladi, mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

Kun.uz tahririyati ushbu xabarning haqqoniyligini aniqlash maqsadida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi (avvalgi «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi) qoshidagi Kontsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov bilan bog‘landi va u kishidan quyidagi javoblar olindi:

— Keyingi paytlarda xonandalar o‘rtasida juda bachkana kliplar yaratish holatlari kuzatilmoqda. Azamat aka (Haydarov) ish boshlaganidan so‘ng, ularga taklif bilan chiqdik va ular buni ma'qullashdi: biz ikki yildan buyon televideniye bilan hamkorlikda san'atkorlar borasida yagona badiiy kengash tashkil qilish uchun harakat qilib kelmoqdamiz.

Biz baribir «O‘zbekkonsert» qoshida badiiy kengash tashkil qildik. Badiiy kengashga klipmeyker va shu sohada shuhrat qozongan shaxslarning ko‘pchiligi a'zo bo‘lgan. Maqsadimizga ko‘ra, kim qanday nima maqsadda klip chiqaryotganidan, qaysi viloyatda xizmat ko‘rsatayotganidan qat'i nazar, agar u bizdan litsenziya olgan bo‘lsa, ishlagan klipini bizga yuboradi. Klip badiiy kengash tasdig‘idan o‘tganidan so‘ng, unga televideniyeda aylantirishga ruxsat beriladi.

Masalan, yaqinda Qilichbek Madaliyevning Youtube’da joylashtirilgan kliplaridan birini oldirib tashladik.

San'atkorlarimiz ham klip olishda ozmuncha xarajat qilmaydi, albatta. Televideniyening o‘z badiiy kengashidan o‘tayotgan kliplarni ham ko‘rib turibmiz. 

— Tushunarli. Endi yana bir savol: misol uchun, men klip oldim, «O‘zbekkonsert» badiiy kengashiga taqdim etdim, klip ma'qullandi. Menga bu haqida biror hujjat berilsa kerak. Men o‘sha hujjat bilan televideniye eshigidan bemalol kiramanmi yoki ularning badiiy kengashi xulosasini ham kutamanmi?

— Yo‘q, televideniye hech qanday hujjat talab qilmaydi. Biz tasdiqlagan klip televideniyening har qanday talablariga javob beradi, deyapman. Yana bitta narsaga e'tiboringizni qaratmoqchiman: bizning tasdig‘imizdan o‘tmagan kilipni televideniye qo‘ya olmaydi. Qo‘ygan taqdirda ham, biz uni oldirib tashlashga endi haqlimiz. 

— Bu vaziyat san'atkorlarning erkin ijod qilishiga to‘sqinlik bo‘lib qolmaydimi?

— Yo‘q, bu aksariyat san'atkorlarning o‘zlariga ham ma'qul keldi. Buning yana bir plyus tarafi bor. Masalan, aytaylik, Otabek Mutalxo‘jayevning «Bombey» qo‘shig‘iga ishlangan klipni oldirib tashladik. Xonanda o‘sha klipni suratga olish uchun Hindistonga borgan, s'yomka uchun pul sarflagan. Albatta, bu taassufli. Endi xonandalar klipmeykerlar bilan kelishib, hali klip suratga olinmasdan turib, rejissyor bilan klip ssenariysini bizga taqdim etadi, o‘sha yerda klip mohiyati va fikrlar o‘rganiladi, ana o‘shandan keyin bemalol klip olib, tarqatilaveradi. 

Bu aslo san'atga, ijodga to‘sqinlik emas, bu — san'atni bachkanalikdan himoyalash, nazorat qilish. Boshqa davlatlar tajribasini, masalan, Turkiyadagi vaziyatni o‘rganganimizda ular butun madaniyat vazirligidan ruxsat olishini aniqladik. Bu yerda yaratilgan qo‘shiqni nazorati ham bo‘ladi. Axir nazorat bo‘lishi kerak-ku?!

Xo‘p, televideniyedagi vaziyatni tushunsa bo‘ladi, lekin nimaga Youtube’dan ham kliplar oldirilmoqda, degan savollar ham yangramoqda. Chunki televideniyeni faqat O‘zbekiston ko‘radi, Youtube’ni esa butun dunyo ko‘radi. Butun dunyo ko‘rib, o‘zbek san'atiga baho beradi. O‘zbek san'ati juda boy tarixga ega. Butun jahon xalqalari musiqa san'ati ichida o‘z obro‘si va nufuziga ega bo‘lgan xalqmiz. Bir san'atkor bachkana klip chiqarsa, u Youtube’da mashhurlashsa, bu san'atimiz nufuziga dog‘ bo‘lmaydimi? 

Xullas, klip suratga oladigan xonanda badiiy kengash tasdig‘idan o‘tgach, o‘z kliplarini televideniyedami, Youtube’dami — farqi yo‘q, aylantiraveradi. Bunga to‘siq yo‘q, — dedi Odiljon Abduqahhorov.

Mavzuga oid
Top