01:58 / 23.06.2017
11047

Kosmik sivilizatsiya: Ilon Mask Marsni zabt etishga doir rejalari haqida

SpaceX asoschisi Ilon Mask New Space jurnalidagi maqolasida Mars sayyorasidagi ilk shaharlar, odamlarning sayyoralararo transportirovkasi va kosmik kemalar haqida so‘z yuritdi.

 

Marsdagi shaharlar haqida

Maskning rejalariga ko‘ra, yaqin 50 yilda Marsda millionlab aholiga ega shaharlarni bunyod etish mumkin bo‘ladi. U shu tariqa insoniyatni sayyoralararo harakatlanuvchi mavjudotga aylantirmoqchi. Maskning fikricha, odamlar "oxir zamon hodisalarini chetlab o‘tish" uchun Yerni tark etishlari kerak.

"O‘ylashimcha, bizning ikki yo‘limiz bor. Birinchisi - biz umrbod Yerda qolamiz va butkul yo‘q bo‘lib ketamiz. Muqobil yo‘l esa - kosmik sivilizatsiya", - deydi Ilon Mask.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yuz yillikda Marsda yirik shahar qurilishi mumkin va u nafaqat ko‘chish punkti, balki o‘z "litiy zavodlari va pitstseriyalariga ega" jamiyatga aylanadi.

 

Kosmik ko‘chish haqida

Ishbilarmonning ma'lum qilishicha, u mingdan ortiq kemalardan "Mars koloniya floti"ni qurmochi. U bir parvozda Marsga 200 yo‘lovchi va infratuzilma qurish uchun qurilish materiallarini yetkaza oladi.

Maskning baholariga ko‘ra, insoniyatning ilk vakillari o‘n yildan keyin Marsni o‘zlashtirish uchun yo‘l olishlari mumkin. Shaharning to‘liq qamrab olinishiga esa 40 yildan 100 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

"Agar Marsdagi shaharda million kishi yashasa, u holda ilk Mars sivilizatsiyasi o‘zini o‘zi ta'minlay oladi. Siz ikki yilda bir marta 100 kishini sig‘diruvchi kemada parvoz qilishingiz mumkin, - shu tariqa 10 ming parvoz davomida million kishi yig‘iladi", - deydi Mask.

Mask kelgusida yo‘lovchi o‘rinlarini ko‘paytirish g‘oyasidan voz kechmadi. U havo kemasi kelgusida 200 dan ziyod kishini qabul qilishi, chipta narxi esa arzonlashishi mumkinligini aytdi.

"Bunday sayohatlar juda quvnoq va qiziqarli bo‘ladi. Hech kim zerikmaydi. U yerda "suzishingiz" mumkin. Kemada kinozallar, ma'ruza zallari va restoran bo‘ladi", - deydi Ilon Mask.

Mask Marsga ilk parvozni 2022 yilda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. U Marsda hayotdan ko‘z yumishni istashini aytgan, biroq "faqat u bilan to‘qnashuvdan emas".

 

Mars va boshqa sayyoralardagi sharoitlar o‘rtasidagi farqlar haqida

2015 yilda NASA 2030 yilga borib Marsda ilk koloniyalarni tuzishi to‘g‘risida e'lon qildi. Kosmik agentlik sayyorani o‘zlashtirishning birinchi bosqichi sifatida yashash uchun Oyda baza yaratishni rejalashtirdi.

Biroq Mask o‘zining maqolasida bunday qarorga tanqid bilan yondashdi va shahar qurish uchun Oydan ko‘ra Mars ko‘proq "yaroqli" ekanini aytdi, chunki Marsda kun Yerdagidan atigi 30 daqiqaga uzun, sayyorada quyosh nuri yetarli va atmosfera ham bor, gravitatsiya esa Yerdagining 37 foizini tashkil qiladi.

Mask nima uchun uning tanlovi Quyosh tizimidagi boshqa sayyora emas, aynan Marsga tushganiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Veneradagi yuqori bosim u yerda "ishlashni qiyinlashtirgan" bo‘lardi, Merkuriy - Quyoshga haddan ziyod yaqin joylashgan, Yupiter va uning yo‘ldoshlariga esa, aksincha, yetish qiyin.

 

Raketalar haqida

Hozirgi vaqtda insoniyatning Marsga parvozi narxi taxminan 10 milliard dollarni tashkil qilsa-da, ishbilarmon raketalarni koinotning o‘zida tankerlar bilan quvvatlash orqali xarajatlarni 100 ming dollarga pasaytirishga umid qilmoqda.

Shuningdek u Marsda metan qazib chiqarish zavodi va yangi yoqilg‘i turini ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Shunda havo kemasi Yerga qaytish uchun Marsning o‘zida quvvatlantirilar edi. Metan tufayli muvaffaqiyatli parvozlar va qo‘nishlar soni ko‘payardi.

"Marsda kosmik kemalar qo‘nib, Yerga qaytmaydigan shaharni qurish u qadar mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, Marsda raketalarning ulkan qabristoni hosil bo‘lar edi", - deydi SpaceX asoschisi.

Mask o‘z missiyalarida "Mars" nomli raketa tashuvchidan foydalanmoqchi. U "Appolon" missiyasida qatnashgan "Saturn-5" raketasidan uch karra ko‘proq og‘irlik va zarbani ko‘tara oladi.

Shu bilan birga, SpaceX kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab yangi tashuvchi raketalardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, Nyu-Yorkdan Tokioga yuk yetkazish uchun atigi 10 daqiqa kerak bo‘ladi.

 

Ilon Maskning loyihaga munosabati

Maskning so‘zlariga ko‘ra, "uning shaxsiy aktivlar to‘plashiga asosiy sabab - shu loyihani amalga oshirish".

"Shaxsiy aktivlarimni yig‘ishimga haqiqatda boshqa sabab yo‘q, faqatgina insoniyatning sayyoralararo faoliyatga katta hissa qo‘shishgina bundan mustasno", - deydi Ilon Mask.

SpaceX kompaniyasi faoliyati avvalida Mask qachonlardir Marsga parvoz qilish va u yerni o‘zlashtirishga tayyorlanish haqida hatto o‘ylamagan ham.

"2002 yilda men kosmik sanoatida biror nima qilish uchun hech bo‘lmaganda 10 foizli imkonimiz (masalan, Yer orbitasiga raketa yo‘llash) bor deb o‘ylardim. Uning tashqarisiga chiqib, Mars haqida o‘ylashni-ku gapirmasa ham bo‘ladi", - deya xotirlaydi Mask.

Mavzuga oid
Top