17:33 / 23.06.2017
15513

Naqd xorijiy valyutani yashirin ravishda olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar fosh etildi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona kompleksi  xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlari va naqd xorijiy valyutalarni yashirin ravishda olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Kun.uz’ga Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Qo‘shni davlat fuqarosi L.Hamrayevaning  qo‘l yuklari  bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rab-surishtirishi davomida ma'lum qilinmagan 124 quti sigaretalar yashirilganligini aniqlandi. 

Bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida ushbu tamaki mahsulotlari sumkaning ichki yon tomonlari astari ichiga yashirilgan ekan. 

Uning hamrohi Z.Allashova ham xuddi shu usulni qo‘llagan holda 116 quti sigaretalarni yashirin ravishda olib chiqayotgan paytda fosh qilindi.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolarga O‘zbekistonga kirib kelish vaqtida bojxonaga taqdim etilgan deklaratsiyaga muvofiq respublikaga olib kirgan valyutasi miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Ammo, mazkur tartiblarga rioya qilmay, respublikamizdan naqd xorijiy valyutalarni yashirin yo‘llar bilan olib chiqishga urinayotgan  xorijiy davlat fuqarolari ham uchrab turibdi.

Turkiyalik  Ya.Mustafa o‘zi boshqarayotgan yuk avtotransporti kabinasidagi yotog‘ining to‘shaklari orasida 1100 AQSh dollari, uning yurtdoshi  G.Abdulkadir esa avtotransportning davlat raqami orqasiga 1100 AQSh dollari, X.Xarun esa avtotransport saloni ichiga 500 AQSh dollarini  yashirgancha olib chiqishga urinishgani aniqlandi.

Hozirda mazkur xolatlar yuzasidan tergovga qadar bojxona surishtiruv va tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2017 yilning o‘tgan davri mobaynida  Buxoro viloyati bojxonachilari tomonidan aniqlangan 26 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida 13 ming AQSh dollaridan ziyod naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi.

Top