19:28 / 23.06.2017
35917

Oq libosdagi “dog‘”lar

Yor-yor sadolari ostida kirib kelayotgan kelinga ko‘z ilg‘aboq barcha odamlarning nazari tushadi. Eshikdan go‘zal kelinlik libosini kiygan kelinchakni ko‘rib naqadar quvonasan kishi. Ammo, ayni shu libos xorijdan bojxona nazoratini chetlab o‘tib, qing‘ir yo‘llar bilan olib kirilgan bo‘lsa-chi?  Qizlarimiz hayotidagi eng baxtli damlarni ayni shu qonunbuzarlik ashyosini egniga kiygan holda qarshilayotgan bo‘lsa-chi? Hayotning yangi sahifasiga ana shunday yolg‘on va qing‘irlik vositasi hamrohligida kirib borish kishiga og‘ir botadi, albatta, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Samarqand Aeroport” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan fuqaro S.Olimovning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bagaj va qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilganda, uning yuklari orasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan 7 dona kelinlar uchun to‘y liboslari borligi aniqlandi.

Nazorat-rentgen apparatida qiymati dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 11 mln. so‘mlik bejirim kelin ko‘ylaklari qimmatbaho toshlari-yu shoda-shoda marvaridlari bilan bor bo‘y-basticha namoyon bo‘ldi. Shuningdek, qonunbuzar bu bilan kifoyalanmay, 20 dona  hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan upalarni ham yashirincha olib kirayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Top