15:20 / 25.06.2017
12956

Namanganda profilaktika inspektorlariga xizmat uylari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda profilaktika inspektorlariga munosib shart sharoitlar yaratish uchun xizmat turar joylari bilan ta'minlash topshirig‘i berilgan bo‘lib,  shu asosda 2017 yil 20 aprelda qabul qilingan «Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2906-sonli Qarori ijrosiga muvofiq, Namangan viloyati hududida dastlabki 26 ta xizmat turar joylari foydalanishga topshirildi. 

Jumladan, 2017 yil 23 iyun kuni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on, Chortoq va Uychi tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan profilaktika inspektorlari qad rostlagan, barcha sharoitlar muhayyo etilgan dastlabki xizmat uylarining kalitlarini tantanali ravishda qabul qilib oldilar. Marosimda viloyat hokimi X.Bozorov, viloyat IIB boshlig‘i A.Toshpo‘latov, tuman rahbarlari, mahalla faollari, ichki ishlar organlarida uzoq vaqt mehnat qilib, nafaqaga chiqqan faxriylar ishtirok etib, profilaktika inspektorlari va ularning oila a'zolarini yangi xizmat turar joylari bilan samimiy qutladilar. 

- Xizmatga 35 kilometr uzoqlikdan qatnar edim, xizmat uyi bilan ta'minlanishim hamda bunday g‘amxo‘rlik jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasida, aholining barcha qatlamlari bilan tizimli muloqot qilishimda men uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beradi, - deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Rovut” va “Barkamol” mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektori leytenant Alimardon Mirzavaliyev.

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari bilan ta'minlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. 

Top