14:58 / 25.06.2017
9080

Turkiya Qatardagi harbiy bazasini olib chiqmaydi

Turkiya Qatarning qator arab davlatlari talablariga nisbatan pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 25 iyun kuni Istanbulning Otashexir tumanidagi Mimar Sinan masjididan Hayit namozini o‘qib chiqib, jurnalistlarga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi

"Qatarga qo‘yilgan 13 punktdan iborat talablar xalqaro huquq normalariga ziddir. Mamlakatlarning suverenitetini buzish va ichki ishlariga aralashishga bo‘lgan urinishlar davlatlararo munosabatlar nuqtai nazaridan noto‘g‘ri. Bunday yondashuv butkul xato", - deya ta'kidladi prezident.

Turk davlati rahbari Qatar duch kelayotgan sanksiyalar, shuningdek Anqaraning bu mamlakatni qo‘llab-quvvatlash harakatlariga diqqatni qaratdi. 

"Davlatlararo munosabatlarda sanksiyalar qo‘llash tajribasi noto‘g‘ri. Biz Qatarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur barcha choralarni ko‘ramiz, chunki xalqaro huquq normalari qo‘pol ravishda buzilayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek bu masalada Kuvaytning vositachilik xatti-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, Saudiya Arabistoni Doha atrofidagi inqirozni tartibga keltirish borasida bunday ko‘lamli mamlakatga xos bo‘lgan kerakli qarorlarni qabul qiladi", - dedi Erdo‘g‘an.

Shuningdek davlat rahbari Qatardan harbiy bazani olib chiqishga doir ma'lumotlarga izoh berdi. 

"Men Saudiya Arabistoni qiroli bilan suhbatda shaxsan shu masalani ko‘tardim va u bu masalani ko‘rib chiqishga va'da berdi. Bugungi holatga ko‘ra, Ar-Riyoddan hali javob kelmadi. Qatardan turk harbiy bazasining olib chiqilishiga doir chaqiriqlarga kelsak, bu Turkiyaga nisbatan hurmatsizlikdir. Anqara ikki tomonlama munosabatlarni kimlar bilandir muhokama qilmoqchi emas", - dedi prezident.

Erdo‘g‘an Ramazon hayiti Islom olamining  tinchlik, birdamlik va hamjihatlik darakchisi bo‘lishiga umid bildirdi. 

Top