18:40 / 27.06.2017
30890

«Bir qurilma»: iPhone yaratilishining noma'lum tarixi haqidagi kitobdan parchalar

Jurnalist Brayan Merchand ilk iPhone’ni yaratilishining yashirin detallari haqida qurilmaning 10 yillik yubileyiga atab material tayyorladi.

Stiv Jobs ilk iPhone taqdimotida. Foto Getty

Roppa-rosa 10 yil muqaddam, 2007 yilning 29 iyunida iPhone’ning — ayni paytda IT sanoatda yetakchi rolni o‘ynayotgan smartfonning ilk modeli sotuvga chiqqan edi. Hozir undan millionlab insonlar foydalanmoqda, biroq uning yaratuvchisi Stiv Jobs haqida ko‘plab ma'lumotlarni o‘qib bilgan bo‘lsak-da, iPhone yaratilish jarayoni haqidagi ma'lumotlar ko‘pincha e'tibordan chetda qolib ketgan.

Bu holni tuzatish uchun amerikalik jurnalist va Motherboard nashri muharriri Brayan Merchand «Bir qurilma: iPhone’ning maxfiy tarixi» kitobini chop etdi. Kitobda smartfonni yaratishning noma'lum tafsilotlari ochib berilgan, shuningdek, uning yaratilishi ustida daho Stiv Jobs emas, yuzlab iqtidorli mutaxassilar turgani ochib berilgan. The Verge nashri kitobdan katta parcha e'lon qildi.

iPhone’dan oldingi qurilmalar haqida

Stiv Jobsni multitachli qurilma yaratishga Microsoft xodimiga nisbatan nafrat undagan.

iPhone ustida ish borilishidan ham avvalroq Jobs stilus (ruchka) emas, barmoq bilan boshqariluvchi sensorli qurilma yaratishni va'da qilayotgan edi. Bunga sabab quyidagicha edi: Apple asoschisi rafiqasining dugonasiga uylangan Microsoft’ning bir xodimini juda yomon ko‘rar edi. Juftlik tez-tez ko‘rishib turar, bu esa iPhone yaratuvchisining g‘ashiga tegardi. Ana shunday dam olish kunlarining birida Microsoft xodimi kompaniya planshetli kompyuterlar ishlab chiqarishga qaror qilganini aytadi. Dushanba kuni Jobs Apple ofisiga qovoqlari osilgan holda keladi va raqobatchisini dog‘da qoldirish haqida o‘ylay boshlaydi.

Jobs multitachni Apple’dagilar o‘ylab topgan, deya da'vo qilardi. Biroq bu noto‘g‘ri.

Aslida bu texnologiya ustida 1960 yildan 1970 yilgacha bir necha kompaniya ish olib borgan. Apple’dagilarning qo‘liga kelib tushgan multitach versiyasi ham iqtidorli muhandis Ueyn Vesterman tufayli yaratilgan. U mushaklar jarohati tufayli mobil klaviaturadan foydalana olmasdi.

2005 yilda Apple Vestermanning kompaniyasini sotib oladi, ixtirochining say'-harakati gadjyet yaratish yo‘lida mehnat qilgan injyenerlarning umumiy mehnati qa'riga singib ketadi. U hamon Apple’da ishlamoqda, biroq kitob muallifiga kompaniyaning hozirgi barcha xodimlari singari, u bilan ham suhbatlashishni taqiqlab qo‘yishgan.

iPhone’ni ishlab chiqish 2004 yilda boshlangan, biroq Apple telefoni g‘oyasi kompaniyada bundan-da avvalroq mashhur edi.

Hammasi iPod’dan boshlangan. Nest kompaniyasi hammuassisi, har ikki qurilmani ishlab chiqishda ishtirok etgan Toni Fadellning so‘zlariga ko‘ra, usiz iPhone ham bo‘lmas edi. iPod muvaffaqiyatining o‘zi ham Fadell va Jobsning ikki yillik dahanaki jangi mahsuli bo‘lgan. 2001 yilda bozorlarda paydo bo‘lgach, qurilma inqilobiy samara keltirib chiqarmagan, chunki iTunes faqat Mac’da ishlardi.

«Sen iTunes’ni shaxsiy kompyuterlar uchun faqat men o‘lgandan keyin chiqarasan», — degan Jobs Fadellga, uning iTunes’ni Windows uchun ham ishlab chiqarish kerakligi haqidagi taklifiga javoban.

Biroq, oradan ikki yil o‘tib, Apple asoschisi o‘z fikrini o‘zgartirgan. O‘shandagina iPod IT-dunyoni egallay boshlaydi, undan millionlab insonlar foydalana boshlaydi — bu esa o‘sha paytda Mac kompyuteriga ega bo‘lganlar sonidan karrasiga ko‘proq edi. Shundan so‘ng kompaniya ofisini entuziazm egallab oladi — injyenerlar kamera, mashina yoki telefon yasashni taklif qilishadi. So‘nggi g‘oyada shuhratparastlik ko‘zga tashlanmoqda edi: iPhone ustida ish boshlanishidan avval Apple’dagi barcha — Jobsdan tortib oddiy stajyorlargacha o‘sha vaqtdagi telefonlarni chiqindi, deb atashardi. Va ular bu nuqsonni to‘g‘rilashga tayyor edilar.

Motorola bilan hamkorlik haqida

Motorola bilan hamkorlik iPhone’ning bo‘lajak jamoasi uchun juda og‘ir lekin foydali tajriba bo‘ldi.

2004 yilda Jobs Motorola rahbari Ed Zanderga hamkorlik taklif etadi, o‘sha yilning yozida kompaniya ROKR telefonini anons qiladi, uning asosiy xususiyati — iTunes’ni qo‘llashi edi. Apple rahbari ROKR loyihasi tanazzulga uchrashini sezib turardi. Telefonning kamchiliklari ustidan hattoki kompaniyaning o‘z xodimlari ham masxara qilishardi: uni kompyuter bilan sinxronlashish tizimi noqulay edi, 512 megabaytli xotira kartasiga faqat 100 tagina qo‘shiq sig‘ardi.

Buni aslo inqilob, deb bo‘lmasdi biroq, Motorola tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar Apple nimani mo‘ljallayotganini ko‘rsatib berdi. Jobs telefonni xarid qilganlarning tezda umidi sinib, lekin iTunes’ga qiziqib qolishlarini mo‘ljallagandi (ROKR iTunes’ni qo‘llovchi ilk telefon edi). Apple’ning bu xizmati esa ularni iPod xarid qilishga ham rag‘batlantirishi zarur edi.

Hamkasblaridan farqli o‘laroq, Jobs o‘z telefonini yaratishda ma'ni ko‘rmayotgandi

ROKRning yaratilishini kuzatar ekan, Jobs mobil telefonlar sanoatiga battar ishonqiramay qoldi. Faqatgina 2004 yilga kelib, MP3 pleyerlar bilan jihozlangan telefonlar bozordan iPod’ni batamom supurib tashlay boshlaganida, Jobs istamaygina sinab ko‘rishga rozilik berdi. Oradan to‘rt kuni o‘tib iPhone ustida ish boshlandi. 2005 yilda ROKRni anons etishga fursat yetganda Jobs tishini tishiga bosib g‘azabini so‘ndirgan. U Motorola telefonlarining kamchiliklarini qanday qilib qisman bo‘lsa-da, oqlab berishni bilmasdi. Taqdimotdan so‘ng u sahnani juda abgor holatda tark etib, iPhone ishlab chiqishga bekorga rozilik bermaganini tushunib yetadi.

Maxsus tanlov va ishlash sharoitlari

iPhone ustida ish olib borish Apple xodimlarining aksariyatidan sir tutilgan.

2004 yil oxirida, ish endi boshlanganda kompaniya ishchilari hamkasblaridan ba'zilari birin-ketin ish o‘rnidan yo‘qolib qolayotganini sezishadi. Ular ofisga kelishni bas qilishgan, hech kim ular qayoqqa g‘oyib bo‘lganini tushuntirib berolmasdi. Faqatgina ichki mishmishlardan, Jobs maxfiy loyihaga xodimlar yollayotganini anglab yetishadi.

iPhone laboratoriyasi uchun butun bir qavatni ajratishadi: koridorlar kameralar bilan jihozlanadi, eshiklar faqat maxsus ruxsatnomalar bilan ochiladi. Injyenerlar laboratoriyani deyarli tark etishmasdi: ular shu yerda ovqatlanar, cho‘milar, tunar, bayramlarni nishonlashar va barchasi bitta joyda ishlar edi.

Jamoaga faqat eng yaxshi xodimlar jalb qilingan.

«Yo‘qolib qolganlar»dan nima ish bilan mashg‘ulliklarini so‘rashganda, ular javob qaytarishdan bo‘yin tovlashardi — maxfiy axborotning oshkor bo‘lish xavfi juda katta edi. Ishlab chiqarishga xodimlarni kompaniyaga sodiqlik yoki aloqalari tufayli emas, tajribasi va iqtidoriga qarab taklif qilishgan. O‘sha vaqtdagi «yulduz» injyener Andre Bul bilan ham shunday bo‘lgan. U kompaniyada ish boshlaganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramasdan, maxfiy loyihaga taklif etilganlardan bo‘lgan.

iPhone jamoasi o‘ta og‘ir sharoitlarda deyarli uch yil ter to‘kishgan.

Xodimlar mudom keragidan ortiq ishlashga, uyquga to‘ymaslikka mubtalo bo‘lishgan. Bo‘lim boshliqlari, Jobsning o‘zi ham qat'iy dedlaynlar o‘rnatishar, bu esa ishchilarning butun bo‘sh vaqtlarini olib qo‘yardi. Ayrimlar uchun iPhone oilasining barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan. «Kompaniya kelajagi shu loyihaga bog‘liq», — deyishardi rahbarlar, shundoq ham ishga ko‘milib yotgan xodimlarning zimmasiga ruhiy bosim ham yuklab.

Har bir maxfiy loyiha singari, iPhone’ning ham yashirin nomi bor edi.

Jamoa a'zolari uni Purple («binafsharang») deb atashardi. Hozir nega unday atalganini deyarli hech kim eslay olmaydi. Aftidan, injyenerlardan birining o‘yinchoq kengurusining tusi shunaqa bo‘lgan. Bo‘lim esa boshqacharoq nom bilan atalgan. Laboratoriyaga kirish eshiklarida Chak Palanikning «Jangarilar klubi» kitobiga havola beruvchi lavhalar osilgandi. Ishlab chiqaruvchilar jangarilar klubining birinchi qoidasi — jangarilar klubi haqida hech kimga og‘iz ochmaslik ekanligiga ishora qilishmoqchi bo‘lgan, bu qoida iPhone injyenerlarining har biriga ham taalluqli edi.

Bir qurilmaning ikki namunasi

Jobsda yangi iPhone’ning ikki g‘oyasi bor edi.

Birinchisi iPod dizaynini telefonga moslashtirib qayta yig‘ish, uni turli modifikatsiyalar va oddiy operatsion tizim bilan ta'minlash edi. Ikkinchisi — Mac operatsion tizimini sensorli mo‘'jaz planshetga moslashtirib, unga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatini ham jo qilishdan iborat edi. Ikki variantni ishlab chiqish uchun ikki rahbar tayinlangan va ular iPod va OS X deb nomlangan bo‘limlarda ishlashardi. OS X —smartfonning operatsion tizimi ustida ish olib borardi.

iPhone’ning muqobil namunasi

iPod bo‘limining birinchi qurilmasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qurilma funksiyalariga Wi-Fi qo‘shildi, harf va raqam terish uchun allaqanday «klik-chambarak» o‘ylab topishdi, foydalanuvchi uni aylantirish bilan sahifalarni varaqlar, havolalarni bosardi. Bu iPod’dan ilk marta internetga kirib ko‘rgan Jobs «Mutlaqo yaramas narsa-ku bu», degan. Loyihaga shu zahotiyoq nuqta qo‘yishgan.

iPhone’ning asosiy yorliqlari va vidjyetlari dizayni bir kechada o‘ylab topilgan.

iPod-bo‘lim berilgan vazifani bajarib, sinashga kirishganida, OS X bo‘limida Jobs tomonidan belgilangan o‘nlab qat'iy dedlaynlardan biri kelib tushdi. Ayni paytlar ko‘zlarimiz ko‘nikib ketgan mitti yorliqchalar bir kecha mijja qoqmay qilingan mehnat samarasi ekanligini hamma ham bilmasa kerak. Telefon vaqtni qanday ko‘rsatishi kerak, iTunes yorlig‘i rangi qanaqa bo‘lishi lozim, foydalanuvchi ob-havo vidjyetiga bir nazar tashlash bilan ko‘chada yomg‘ir yog‘ayotganini qanday anglashi kerak... Bu vazifalar bir necha bor qayta ishlangan, biroq asosiy maketlarni injyenerlar bir kechada yasab tashlashgan.

Jobs boshida iPhone penelida «orqaga» tugmasini ham joylashtirmoqchi bo‘lgan, biroq zo‘rg‘a uni ko‘ndirishgan. Umuman, avval boshida telefon birorta tugmaga ega bo‘masligi nazarda tutilayotgandi.

Apple ofisining qayeridadir qo‘ng‘iroq va radio funksiyasiga ega o‘nlab iPod chang bosib yotibdi.

iPod bo‘limi bu ishlanma bilan uzoq vaqt shug‘ullanadi. Pleyyer rejimida qo‘ng‘iroq funksiyali iPod dizayni deyarli o‘zgarmaydi, biroq u qo‘ng‘iroq rejimiga o‘tkazilganda zarg‘aldoq nur bilan yorishadi, uning ekranida 0 dan 9 gacha raqamlar bo‘lgan chambarak hosil bo‘ladi.

Injyenerlar yuzga yaqin model yig‘ishadi — keyinchalik ma'lum bo‘ladiki, bu usulda raqam terish mutlaqo noqulay. Jobs biror yo‘lini topishni talab qilardi, kompaniya hattoki qurilma uchun patent oladi, biroq jamoa navbatdagi marta ojiz qolganda, Jobs ham qo‘l siltaydi.

Qo‘ng‘iroq funksiyali iPod namunasi

Ishlab chiquvchilar iPhone qaysi tizimda ishlashi kerakligi borasida uzoq tortishishadi.

Bu bahs butun loyiha uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar smartfonning dizayni qarama-qarshiliklar umuman bo‘lmagan esa-da, operatsion tizim barcha injyenerlarni tashvishga solayotgandi. iPod bo‘limi ishlab chiquvchilar orasida juda mashhur open-source tizim — Linux’dan foydalanishni taklif etishadi. Boshqa jamoa OS X (hozigi Mac) ning shaklini sal o‘zgartirib, uni tachskrinli telefonga jo qilishni taklif etadi.

Qo‘pol qilib aytganda, ikkita lager paydo bo‘ladi: iPhone’ni qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan iPod namunasi deb biluvchi Linux tarafdorlari va Apple operatsion tizimi salohiyatini mo‘'jaz qurilmaga sig‘dirishni istayotgan OS X tarafdorlari. iPhone’ni Linux’da sinab ko‘rishganda jarayon open-source tizim tomon siljigandek ko‘rindi — telefon darhol ishga tushgan edi-da! OS X tezlik borasida undan qolayotgandi.

Biroq OS Xda Jobsni zavqlantirgan juda muhim ustunligi bor edi — tachskin. U juda chiroyli ishlar, foydalanuvchining ekran sirtidagi barmoq harakatlariga darhol javob berardi. iPod bo‘limi variantida ham taskrin nazarda tutilayotgan edi, biroq uni funksiyaviyligi minimum darajaga tushirilgandi.

Ana shu lahzadan aniq bo‘ldiki, iPhone bundan buyon OS X tizimida ishlaydi.

Top