23:09 / 27.06.2017
17153

Xalq rizqini chetga noqonuniy ravishda olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Yakinda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan So‘x tumani Sharqobod qishlog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro X.Sharipovning xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Xonadon egasi, o‘z hovlisida guyoki noma'lum shaxs qoldirgan, deya ta'kidlagan “Mersedes Bents” rusumli yuk avtomashinasi yukxonasida qo‘shni davlatga olib chiqish uchun mo‘ljallangan, O‘zbekistonda yetishtirilgan 70 qop guruch borligi aniqlandi. 3400 kg. og‘irlikdagi ushbu mahsulotning umumiy qiymati 11,5 mln. so‘mdan ortar ekan.

Ushbu xolat yuzasidan Farg‘ona tuman sudi qaroriga binoan ashyoviy dalil sifatida olingan guruch musodara etildi, ayblanuvchiga nisbatan eng kam ish xaqining 5 baravari miqdorida jarima tayinlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari tomonidan xaftaning har payshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan profilaktika kunlari doirasida mahalla faollari ishtirokida o‘rtoqlik sudi tashkil qilinib, ushbu shaxsning qilmishi mahalla fuqarolari oldida muhokama qilindi.

Shuningdek, ushbu hududda qo‘shni davlatga yo‘l olgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi M.Usanov boshkaruvidagi Mersedents Bents yuk avtotransporti bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, mashinaning yukxonasiga xufyona tarzda 34 ta qopda qiymati salkam 6mln. so‘mlik 1461 kg guruch yashirilganligi aniqlandi. Hozirda Ushbu xolat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Farg‘ona viloyati bojxona xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 63 tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid
Top