14:18 / 27.06.2017
26229

IIV Qorovul qo‘shinlari harbiy qismlaridan birining harbiy xizmatchisi firibgarlikda ayblandi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birining shartnoma asosidagi harbiy xizmatchisi, kichik serjant Jahongir Do‘smatov o‘zining oilaviy byudjyetini firibgarlik yo‘li bilan to‘ldirishga qaror qildi. Sababi, jamoada shartnoma asosida xizmatni davom ettirishni istagan muddatli harbiy xizmatchilar talaygina edi. Ularga “Orzuingga yetishingga men ko‘maklashaman” deb, “hojatbaror”ligi uchun pul olmoqchi bo‘ldi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

U yog‘ini surishtirsangiz, bir paytlar o‘zi ham ana shu askarlarga o‘xshab professional harbiy xizmatchi bo‘lishni orzu qilardi. Boisi qat'iy tartib-intizom unga yoqardi. Jangovar, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlariga ham qiziqardi. Qolaversa, Vatan himoyachilarini davlat ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ham yaxshi bilardi. Xullas, armiya safida yigitlik burchini o‘tagan davrda o‘zini faqat ijobiy tomondan ko‘rsata oldi. Shuning uchun 2011 yilda u bilan shartnoma tuzildi.

Jahongir IIV Qorovul qo‘shinlarining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismida xizmat qila boshladi. Dastlab qo‘mondonlikning ishonchini oqlash uchun rosa harakat qildi. Shu sababdan qisqa vaqt ichida seksiya komandiri etib tayinlandi. Shundan so‘ng boqibeg‘amlikka berildi. Bora-bora olayotgan maoshi kamdek tuyula boshladi. Natijada, hikoyaning boshida aytilganidek, firibgarlik yo‘li bilan qo‘shimcha pul topishni xayol qildi.

Rejasini amalga oshirish uchun o‘zining harbiy qism qo‘mondonligi bilan “aloqasi yaxshi”ligi haqida gap-so‘zlar tarqatdi. Shundan so‘ng iltimos qiluvchilarning keti uzilmasa kerak, deb o‘ylagan edi. Ammo kutganidek bo‘lib chiqmadi. Ayrimlar “xizmat haqi” yuqoriligidan norozi bo‘lishdi. Ba'zilari esa “Taklifning” jinoyat ekanligini bilib cho‘chishdi. Oqibatda bor-yo‘g‘i ikki nafar askar unga yordam so‘rab murojaat qildi.

Jo‘rabek Hojiyev dastlab shartnoma asosida qoldirishlarini so‘rab qo‘mondonlikka bildirgi yozdi. Ammo imtihondan o‘ta olmadi. Shundan so‘ng kichik serjant J.Do‘smatov haqidagi mish-mishlarni esladi. Jahongir “mijoz”ning iltimosini rad etmadi. Faqat xizmat haqiga to‘rt ming AQSh dollari so‘radi. Jo‘rabek mushuk ham tekinga oftobga chiqmasligini bilardi. Ammo vositachi buncha ko‘p pul so‘raydi, deb o‘ylamagan edi. U “Otamdan buncha ko‘p pul so‘ray olmayman”, deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi. Shunda Do‘smatov “hotamtoylik” qilib ikki yuz dollaridan voz kechdi.

-  Faqat yarmini oldindan berasan, - dedi.

Xarajatni ozgina bo‘lsa ham kamaytirganidan xursand bo‘lgan Hojiyev otasiga qo‘ng‘iroq qilgani oshiqdi. 

Do‘smatov ikkinchi “mijoz” – oddiy askar I.Aliqulovdan “bor-yo‘g‘i” uch ming AQSh dollari so‘radi. Unga ham xizmat haqining yarmini oldindan berishni shart qilib qo‘ydi. Aliqulov bu shartni bajardi. So‘ng hujjatlarini topshirib, imtihon kunini xotirjamlik bilan kuta boshladi. Ammo birinchi imtihondanoq "yiqildi". Diktantdan unga qo‘yilgan past baho asabini qo‘zitib yubordi. “Pulimnimas, bilimimni, savodxonligimni hisobga olishadigan bo‘lsa, unda nega xizmat haqi berdim?!” – dedi asabiylashib.

J.Do‘smatov imtihon natijalari qayta ko‘rib chiqilishini aytib, uni tinchlantirishga urindi. Ammo foydasi bo‘lmadi. I.Aliqulov IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni nomiga ariza yozdi. Arizasida kimga nima uchun, qancha pul berganini, kichik serjant Jahongir Do‘smatov qanday va'da qilganini, o‘zini oqlash uchun nima deganini, xullas, hamma-hammasini oqizmay-tomizmay bayon etdi. Siri oshkor bo‘lgach, kichik serjant hamma aybiga iqror bo‘lib, I.Aliqulovga pulini qaytarish lozimligini anglab yetdi.

Toshkent harbiy okrugi harbiy sudi kichik serjant J.Do‘smatovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 211 (Pora berish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topdi. Unga eng kam oylik ish haqining 130 baravari miqdorida jarima solindi.

Firibgarga 3800 AQSh dollari miqdorida “xizmat haqi” to‘lagan Jo‘rabek Hojiyev ham qilmishiga yarasha jazoga tortildi. U pora berganlikda aybdor, deb topilib, eng kam oylik ish haqining 80 baravari miqdorida jarima to‘lashga hukm etildi. Faqat amnistiya aktigina joniga oro kirdi.  

Top