15:58 / 27.06.2017
13842

Toshkentda Vengriya elchixonasi ochildi

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

27 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto Toshkent shahridagi Vengriya elchixonasining rasmiy ochilishi hamda elchixona binosida Vengriya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari ko‘tarilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etishdi.

O‘zbekiston TIV sayti xabariga ko‘ra, mazkur marosimda Vengriya elchisi Peter Santo, O‘zbekiston va Vengriya TIV rahbarlari nutq so‘zladi.

Vazir Abdulaziz Komilov o‘z nutqida Vengriya delegatsiyasini qutlar ekan, Vengriya elchixonasi ikki davlat o‘rtasida yaqin va manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashda faol bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarishiga ishonch bildirdi.

Vazir Peter Siyartoning davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligiga to‘g‘ri kelgan mazkur tashrifiga O‘zbekistonda ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqea sifatida qaraladi. Ushbu tashrif do‘stlik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatlarni inobatga olish ruhidagi an'anaviy rivojlanayotgan O‘zbekiston-Vengriya hamkorligiga jo‘shqinlik berishga ikki tomonda ham qiziqish va intilish borligini tasdiqlaydi.

Abdulaziz Komilov Vengriya delegatsiyasining O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, tashqi ishlar vazirligi, tashqi savdo vazirligi, qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Investitsiya bo‘yicha Davlat qo‘mitasi hamda Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan bugun bo‘lib o‘tgan konstruktiv va samarali muzokaralarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Mazkur uchrashuvlar davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

«Ishonch bilan aytishni istardimki, bugun biz O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari tarixida yangi sahifani ochmoqdamiz va mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni faol ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatimizni davom ettiramiz», - degan O‘zbekiston TIV rahbari.

Top