12:48 / 28.06.2017
40983

«Chipta yo‘q, lekin vagonning yarmi bo‘sh keldi». Temiryo‘l vokzalidagi ovoragarchilik 

Foto: Kruz.uz

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yuldashev Toshkent-Urganch temiryo‘l yo‘nalishi uchun chipta sotib olishdagi sarsongardonligi haqida so‘z yuritdi, deb yozadi Kruz.uz.

Quyida muallifning ana shu posti havola etiladi.

«Barchaga ma'lumki, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanish arzon ish emas, ammo mana shu monopolist yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda chipta sotish bilan shug‘ullanuvchi kassirlarning ish haqini sotgan chiptasining soni va pul tushimiga mutanosib qilib belgilanmas ekan, chipta sotishdagi korrupsiya yo‘q bo‘lmaydi.

Men ayolim bilan Toshkentga davolanish uchun borgandim, davolanish kursi 10 kun, shifoxonadan chiqishimizga 5 kun qolganida Toshkent temir yul vokzalida oldindan chipta sotish bilan shug‘ullanuvchi kassaga bordim va ichki yo‘nalish bo‘yicha chipta sotayotgan 10-kassaga navbatga turdim.

Navbatga turishim mobaynida yarim soatlardan keyin 11-kassaning tushlik vaqti tugab, yoshgina qizcha kassaga kirib keldi. Men o‘zimning va ayolimning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni kassir qizga uzatib, menga 24 yoki 25 iyunga Urganchga 2ta kupening pastki o‘rindiqlari uchun chipta berishini so‘radim. Kassir hujjatlarga bir nazar solib, «siz qoraqalpog‘istonlik ekansiz, shuning uchun Urganchga chipta bera olmayman - Qoraqalpog‘istonga boradigan poyezdlargagina chipta olishingiz mumkin», dedi. Men o‘zimga Urganch qulayligi, Urganch 21 km, Nukus 130 km ekanini aytib, menga Urganchga chipta sotishini talab qildim. U esa «Endi siz bilan gaplashmayman - boring boshqa kassalarga», deb hujjatlarimni oldimga tashladi.

Keyin kassalar bo‘yicha navbatchi smena boshlig‘ini qidirdim, u yo‘q ekan, birozdan keyin kassirlar tarafdagi eshik ochilib, baland bo‘yli, yosh bo‘lishiga qaramay tepa sochi to‘kila boshlagan yirik gavdali, temiryo‘lchilar formasini kiygan yigit chiqib keldi. Men unga «Kassalar bo‘yicha smena boshlig‘i kim?» degan savolimga «Men», deb javob berdi.

Unga vaziyatni tushuntirdim. O‘zimning chernobilchi 2-guruh nogironligim va ayolim diabetik ekanligi aytib, bizga kupe vagonida pastki joylardan 2ta chipta kerakligi hamda 11-kassadagi kassirning harakatlaridan noroziligimni bildirdim.

Bu xodim esa o‘sha kassir qiz «…yebdi» sizga bilet sotishga majbur, boring, smena boshlig‘i aytdi deng», deb o‘zi kimlar uchundir telefondan Rossiyaga chipta topib berish va bu chiptalar qanchaga tushishi haqida tushuntirish bilan ovora bo‘lib ketdi.

Men oldin yarim soat navbat kutganim, 11-kassaga yana yarim soatdan keyin smena boshlig‘ini aytganlardan dadillashib keldim. Ammo 11-kassada o‘tirgan qizcha ham anoyilardan emasga o‘xshaydi. Mening «smena boshlig‘i jo‘natdi, menga Urganchga 2 ta chipta kupeyni vagonga bering» degan gapimga «O‘sha smena boshlig‘ining o‘zi bersin chiptani, men sizga chipta sotmayman» dedi.

Keyin men o‘sha yerdagi odamlardan temir yo‘l kassalari rahbarlari o‘tiradigan joyni aniqlab, kassalarning kun chiqar tarafidagi imoratga kirib borsam, pastda 1 qavatda o‘tirgan navbatchi xodim soat 13:00 bo‘lgani va barcha xodimlar va rahbarlar tushlikka ketganligi sabab, soat 14:00da kelishim kerakligini aytdi.

Shu atrofda 1 soatcha vaqt aylanib yurib, soat 14:00dan o‘tib, yana bordim o‘sha idoraga. Navbatchi meni ko‘rishi bilan 4-qavatda Sur'at degan odamga murojaat qilishim mumkinligini aytib, ichkariga kiritib yubordi. Sur'at degan yigitni 4-qavatdan topib, so‘z boshlagan edim, muddaomni tushunib, qachon va qayerga chipta kerakligini so‘radi. Men 24-25 iyun kunlariga Urganchga 2ta chipta kerakligini aytdim va «u kunlarga iloji yo‘q, lekin 26 iyunga 2 ta chipta qilib berishi mumkinligini» haqida javob oldim. U telefondan kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, menga 26 iyunga 2ta chipta sotishni tayinladi va menga kassadagi 1-sonli bron kassasiga borishimni so‘radi.

Men pastga tushib, 1-kassada o‘tirgan ayolga «men to‘g‘rimda hozir sizga qo‘ng‘iroq qilishdi, menga Urganchga ikkita chipta bering», deb hujjatlarimni uzatsam, u menga hujjatlarimni qaytarib berib, «hech qanday qo‘ng‘iroq bo‘lgani yo‘q, Urganchga umuman chipta yo‘q» dedi.

Men yana Sur'atning oldiga chiqishga majbur bo‘ldim. U kassirga: «Men sizga hozirgina qo‘ng‘iroq qildim, nega odamlarni ovora qilaverasizlar», deb qattiqroq gapirganidan keyin - haligi kassir ayolning «siz aytgan odam oldimga kelmadi, kelsa darrov bervoraman», degan ovozi eshitildi.

Shundan keyin Sur'at «boring hozir sizga bilet beradi», deganidan keyin yana pastga tushib, o‘sha 1-bron kassasiga bordim. 2 ta chipta oldim, lekin bir joy pastdan, bir joy yuqoridan berildi. «Iloji bo‘lsa ikkalasini ham pastki joydan», degan iltimosimga – «Hech ham iloji yo‘q» degan javob qaytarildi.

Ana endi kutilgan 26 iyun soat 19-30da Toshkent - Shovot poyezdiga odamlar chiqa boshladi, soat 20:20 da poyezd yo‘lga tushdi.

Sizga yolg‘on, menga chin, ne ko‘z bilan ko‘rayki, biz chiqqan 6-vagonga bor-yo‘g‘i 10 nafar odam chipta bilan chiqdi. Yo‘lda chiqqanlar bilan vagondagi 36 o‘rinda ko‘pi bilan 18 ta o‘rin band bo‘ldi, qolgan teng yarmi Urganchgacha bo‘sh keldi.

Biz chiqqan 1-kupeda biz er-xotindan boshqa bironta ham odam Urganchgacha chiqmadi.

Yuqorida bo‘lib o‘tganlardan kelib chiqib, O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi tarkibida ishlovchi kassirlar, bular o‘zlari ishlayotgan kompaniyaning rivoji uchun ishlashayaptimi yoki kimlar tarafidan yollangan dushmanlarmi? Negaki, keyingi paytda birorta yirik kompaniya yoki korxonani arzon garovga sotib olish uchun, oldin o‘sha korxonani bankrot, ya'ni inqirozga uchratib, keyin arzon garovga sotib olinadi, degan so‘z tez-tez ishlatilmokda.

Prezidentimiz va hukumatimiz xalq farovonligini ta'minlash yo‘lida qanchadan-qancha harakatlar qilayotgan bir paytda bu kabi ko‘rinishlar va harakatlarni faqat dushmanlargina qilishi mumkin». 

Top