19:02 / 28.06.2017
33466

«O‘zbekiston havo yo‘llari» faoliyatini tanqid qilgan mijoz 1 kun o‘tib o‘z so‘zlarini qaytarib oldi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Toshkent-Nukus reysi uchun chipta olinishidagi muammolar bilan bog‘liq voqea yuzasidan raddiya berdi.

27 iyun kuni Facebook foydalanuvchisi Ilhom Saymanov Toshkent—Nukus reysi orqali uchadigan samolyotga chipta sotuvchilarini tanqid qilgandi.

U Nukusga o‘zi bilan uchgan kishilar bilan suhbati xulosasi sifatida post yozgandi. 

«Bugun ertalab tezda Nukusga qaytishim kerak bo‘lib, Markaziy aviakassaga murojaat qilganimda, menga chipta umuman yo‘q, degan xabarni aytishdi. Men tanish-bilish orqali, do‘stlarimning orqasidan bron orqali chipta oldim, ro‘yxatdan o‘tib samolyotga o‘tirsam, 52 kishilik IL-114 samolyotida, 23 odam uchib keldik. Hayron bo‘lib tursam, samolyotdagi odamlar norozi, sababi qaysidiri falon so‘m, qaysidiri to‘lon so‘m ustama pul berib, chipta olishga majbur bo‘lgan.

Men bu voqeaga nima demoqchiman? Xaloyiq, hurmatli prezidentimizning poraxo‘rlikning oldini olish bo‘yicha chiqargan bir nechta farmon va qarorlarga bo‘ysunmayotganliklari qanchalik achinarli?», deya yozgandi u.

28 iyun kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» bosh direktori Valeriy Tyan hamda aviakompaniyaning boshqa mas'ul xodimlari OAV vakillari bilan ushbu masala yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.

Kompaniya vakillari Saymanovning tanqidi mutlaqo o‘rinsiz ekanini ma'lum qilishdi.

«Samolyotda 52ta o‘rindiq bor, lekin parvoz yaxshi amalga oshishi hamda qo‘nish muvaffaqiyatli kechishi uchun me'yorda ko‘rsatilgan vazn ko‘rsatkichlari bor. Bunda havo harorati ham rol o‘ynaydi. Har bir odamning og‘irligi o‘rtacha 100 kilogramm hisoblansa, bu 5,2 tonna demakdir. Ilhom Saymanov uchgan samolyotda esa o‘sha kuni 4 tonnagacha og‘irlik ko‘tarish chegarasi belgilangan edi. Bu 40ta o‘rindiqqa yo‘lovchi olinishi kerak deganidir. Shundan 16ta o‘rindiq turli shoshilinch vaziyatlar uchun bron qilinadi. Ular parvozga ikki soat qolgunga qadar band qilinadi. 40ta chiptadan 30tasi sotilgan. Samolyot bortida esa 24 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, chipta olganlarning 6 nafari parvozni amalga oshirish uchun kelmagan. Bundan bexabar Saymanov esa Facebook’dagi sahifasida hissiyotlarga berilib post qoldirgan. Chiptalarni sotib olishda hech qanday tamagirlik yo‘q», - deya izoh bergan MAK vakillari.

Uchrashuvda Ilham Saymanov bir kun oldin yozganlarini qaytarib olgani ma'lum qilindi va uning o‘zi tomonidan yozib berilgan ikkinchi bayon keltirildi.

«Men Saymanov Ilhom Sagidullayevich 26 iyun kuni Toshkent-Nukus yo‘nalishi bo‘yicha uchdim. Men shu kuni chipta topa olmaganimdan keyin Toshkent shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi doimiy vakolatxonasiga murojaat etdim, ya'ni, Qulnazar Kaymuratov Ernazarovichdan chipta bron qilib berishini so‘radim. Shu bron orqali chiptani oldim. Aviakassa xodimi chiptamni berdi, mendan ustama pul talab qilishmadi, chiptani o‘z narxiga oldim. Keyin registratsiyadan o‘tib, samolyotga chiqdim. Qarasak, o‘rindiqlarning yarmi bo‘sh ekan, bundan jahlim chiqdi: nega chipta yo‘q deyishadiyu, salonda odam yo‘q? Uchish vaqtida odamlar bu sun'iy qilinishi, shu orqali pul ishlashlari haqida aytishdi, lekin kimga qancha, kimga nima berilgani haqida hech qanaqa gap bo‘lmadi. Shu bilan bu gap tinchidi, uchib keldik. Shu kuni feysbukdagi sahifamda bo‘lib o‘tgan voqealarni yozdim. Men bu yerda o‘z shaxsiy fikrimni yozgandim, lekin bunday shov-shuv bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagandim. Bilishimcha, buni Kruz.uz sayti sahifamdan mendan so‘ramasdan olgan, keyin xabar boshqa saytlarga tarqalgan. Hamma sayt o‘zi istagancha yoritdi. Lekin menda «O‘zbekiston havo yo‘llari» xodimlari pora olayotgani haqida dalil yo‘q, ularga e'tirozim ham yo‘q», — deyilgan uning ko‘rsatmasida.

Top