19:43 / 28.06.2017
54122

O‘zbekistonda kishi boshiga qancha suv to‘g‘ri kelishi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda kishi boshiga 3600 kub suv to‘g‘ri keladi. 28 iyun kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti, laboratoriya mudiri, professor Furqat G‘afforov shunday ma'lumot bilan bo‘lishdi. Bu haqida tadbirda ishtirok etgan "Kun.uz" muxbiri xabar berdi. 

Yer kurrasining 70 foizi suv bo‘lsa, buning atigi 3 foizi - ichimlik suvi. Biroq shu 3 foizning 2 foizi - Shimoliy Qutb bilan Antraktidada. Demak, bugungi kunda 7 milliard insonga 1 foiz suv to‘g‘ri keladi. 

Ma'lum bo‘lishicha, professor G‘afforov ko‘plab xorij mamlakatlarida bo‘lgan va shundan kelib chiqib, bizning yurtimizda ham suvga va umuman, tabiiy resurslarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish kerakligini ta'kidladi. 

Foto: Xalqaro Press-klub

"Germaniyada xizmat safarida bo‘lganimda bir hamkasbimizning uyida yotib qoldim. Dush qabul qilishga kirdim, birozdan so‘ng eshik taqilladi. Uy egasi "Doktor G‘afforov, tinchlikmi?" deb so‘radi. Hayron bo‘ldim, "Ha, tinchlik" dedim. Chiqqanimdan keyin "Kechirasanu do‘stim, juda uzoq qolib ketding" dedi. Men "Iye, bu axir Germaniya, daryolar, suv omborlari bo‘lsa, hamma yoqdan suv kelib tursa" desam, "Yo‘q, biz bu suvning qadriga yetishimiz kerak" dedi  va XVII asrda Yevropada suv tanqisligi ketidan halokatli yuqumli kasalliklar kelib chiqqani haqida aytib berdi. 

"Suv - ko‘pchilikning haqqi, unga xiyonat qilib bo‘lmaydi. Tarixga murojaat qilinsa, suvni deb davlatlar o‘rtasida katta urushlar kelib chiqqan. Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat ham bunga misol bo‘la oladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biri (aynan qaysi mamlakatligiga aniqlik kiritilmadi, qo‘shni davlat deyildi) bir kishi boshiga 5600 kub suv sarflar ekan. Germaniya yo Isroilni olsak, 1200 litr. Ming afsuski, O‘zbekistonda ham kishi boshiga 3600 kub suv to‘g‘ri keladi. Bu juda fojiali va achinarli hol.

Elektr energiyasiga kelsak, Hollandiya, Belgiya, La-Mansh va Boltiq bo‘yidagi shamol orqali elektr energiya olinadi. Turkiyada ekologik bezarar elektr energiyadan foydalaniladi. Lekin negadir bizda egasi yo‘qdek, bamisoli bu "oqib turgan daryo oqib turadi, yonib turgan chiroq yonib turadigandek". Vaholanki, buning tagida juda katta o‘g‘irlik bor, - deydi professor. 

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston maydoni 447 ming kvadrat kilometr bo‘lsa, uning 71 foizi - cho‘l, 14 foizi - tog‘, qolgan 15 foizida qariyb 33 million aholi yashaydi. Aholi juda zich joylashgan va tabiiyki, elektr energiya va suvga bo‘lgan talab yuqori. 

"O‘zbekistonda Qariyb 20 dan ortiq suv ombori bo‘lsa, bular tog‘dan keladigan suvlar hisoblanadi. Yer kurrasining juda tez isishi natijasida XXI asrda Markaziy Osiyoda harorat 7 darajaga ko‘tariladi. Bu hozirgi kunning o‘zida namoyon bo‘lmoqda - tog‘larda erimaydigan qorlarning 40 foizi erib bo‘ldi. Vaholanki, Chirchiq daryosini olsak, dunyodagi 10 ta eng musaffo daryolardan biri hisoblanadi. Respublika bo‘ylab ko‘p yuramiz va ming afsuski, yoqimsiz holatlarning guvohi bo‘lamiz - daryo bo‘ylarida mashinalarni yuvishadi, axir shu suvdan odamlar ichadi-ku!, - deya davom ettiradi F.G‘afforov. 

Qashqadaryoni olaylik, G‘uzor tumani. Mana shu tumanda Pachkamar mavsumiy suvlarni yig‘ib, ham dalani, ham o‘z ehtiyojini qondiradi. Bizda bunday joylar ko‘p. 

Hatto Shveytsariya bilan Avstriya - dunyodagi suv bilan eng yaxshi ta'minlangan davlatlar tog‘lardagi muzlarga plyonka yopib qo‘yishmoqda. Shu muz erib ketmasin deb, chorasini ko‘rmoqda. Albatta, bu qimmat. Ehtimol, biz bunday qila olmasmiz, lekin ularning suvga bo‘lgan munosabati va suvni bizga nisbatan 3-4 barobar kam ishlatishi - hamma uchun o‘rnak". 

Top