11:00 / 29.06.2017
16023

Abituriyentning "yo‘l xarita"si - Yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda

O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv dargohlarida 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayonlari davom etmoqda. Shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ham qabul komissiyasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

O‘zMU onlayn jamoasi abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni, ushbu jarayondagi yangilik va o‘zgarishlar bilan qiziqdi. Quyida ayni jarayon suratlari havola qilingan. 

Abituriyentning "yo‘l xarita"si

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti fakultetlarining qaysi hududda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishayotgani aks etgan xaritaning yaratilgani abituriyentlarga qulaylik tug‘dirib, ularning vaqtlarini tejamoqda

Abituriyent uchun foydali ma'lumotlar

Hujjat topshirish binosi oldiga o‘rnatilgan e'lonlar taxtasida universitetdagi fakultetlarning o‘zbek va rus guruhlariga bu yilgi o‘quv mavsumida qancha talabani qabul qilishi aks etgan. Davlat granti asosida va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning o‘rinlari berilgan.

Shuningdek, bir kun davomida nechta abituriyent hujjat topshirgani, universitet ichki tartib-qoidalari, abituriyentlar uchun zarur boshqa ko‘rsatmalar aks etgan. Bu kabi ma'lumotlar abituriyentlar uchun muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kamchiliklar aniqlanadi va to‘g‘rilanadi

Abituriyentlar hujjat topshirishdan avval hujjatlarida kamchiliklar bor-yo‘qligini aniqlash uchun qabul jarayonida faoliyat yuritayotgan maslahatchi ko‘rigidan o‘tishadi. Maslahatchi ularning hujjatlarini o‘rganib chiqib, zaruriy ko‘rsatma va tavsiyalar beradi. 

Suratga tushish – shaxsni tasdiqlash degani

Maslahatchi ko‘rigidan o‘tgan abituriyent imtihon kuni shaxsini tasdiqlash uchun suratga tushish xonasiga yo‘l oladi. Xonadan xonaga o‘tish jaryonida abituriyentlar uchun maxsus yo‘l ko‘rsatkichlari ham belgilangan bo‘lib, bu orqali abituriyent qiynalmasdan o‘zi uchun kerakli manzilni topib boradi.

Elektron so‘rovnomani to‘ldirish

Abituriyent keyingi bosqichda elektron arizalarni to‘ldirish xonasida o‘zi haqida ma'lumotlarni kompyuter bazasiga kiritadi.

Abituriyentlar uchun texnik yordamchi

Ma'lumotlarni kiritish jarayonida ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turuvchi texnik yordamchilarning ham borligi abituriyentlar uchun ancha qulaylik yaratmoqda.

Hujjat topshirildi, navbat imtihonga

Ma'lumotlar kiritilganidan so‘ng abituriyent o‘zi topshirayotgan fakultetning qabul jarayonida faoliyat yuritayotgan shaxsga hujjatlarini taqdim etadi. Xato va kamchiliklar aniqlanmagach, abituriyentning hujjatlari qabul qilinadi.

Ta'kidlash joizki, abituriyentning hujjatlarini qabul qilishdagi yuqorida keltirilgan tizim Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ekspriment bo‘lib, ushbu eksprimentda asosiy e'tibor abituriyentlarning vaqtini tejashga va oldinda kutib turgan imtihonlarning shaffofligini yuqori darajada ta'minlashga qaratilgan.

Mavzuga oid
Top