08:46 / 29.06.2017
6632

Braziliya prezidenti G20 sammitidagi ishtirokini bekor qildi

Foto: RIA Novosti

Braziliya prezidenti Mishel Temer "Katta yigirmatalik" sammitida ishtirok etish uchun Germaniyaga safarini bekor qildi. Bu haqda 28 iyunda uning ma'muriyati ma'lum qildi. 

G20 sammiti 7-8 iyul kunlari Gamburgda bo‘lib o‘tadi. Safarning bekor qilinishining rasmiy sabablari ma'lum qilinmagan.

Temer bu qarorni yirik korruptsion mojaro negizida qabul qildi. 28 iyunda Temerga qarshi korrupsiya bo‘yicha ayblovlar mamlakat kongressining quyi palatasiga yuborilgan. Avvalroq bosh prokuror Rodrigo Janot Temerga nisbatan "passiv korrupsiya" bo‘yicha ayblov e'lon qilgandi. Ayblovlar oliy sudga yuborilgan va Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, endi deputatlar palatasi prezidentga qarshi sud jarayonini boshlashga ruxsat berish-bermaslik uchun ovoz berishlari kerak bo‘ladi.

Sud jarayonini boshlashga ruxsat berish uchun deputatlar palatasining uchdan ikki yoki 342 a'zosining ovozi kerak bo‘ladi. Korrupsiya uchun jazo 2 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni va jarimani tashkil qiladi. Temer tarafdorlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan ovozlar bilan bu qarorni to‘sish uchun ularda imkoniyat borligiga ishonmoqdalar.

Temer go‘sht ishlab chiqaruvchi JBS kompaniyasi egasi Joesli Batistaga deputatlar palatasining sobiq rahbari Eduard Kunyaga Petrobras neft kompaniyasi atrofidagi korrupsiya ishi bo‘yicha "og‘zini yumuq saqlashi" uchun 630 ming dollar to‘lashga ko‘rsatma berganlikda ayblanmoqda.

Top