15:04 / 29.06.2017
10271

Raqamli TV va aloqa signallari olis Machay qishlog‘ini «zabt etdi»

Surxondaryo mamlakatimizdagi eng ko‘p tog‘li aholi punktlariga ega viloyatlardan biri. Shu vaqtgacha geografik noqulayliklar sabab, tog‘li hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish murakkab jarayon hisoblanib kelingan. Zamonaviy simsiz aloqa texnologiyalari esa uzoq tog‘li hududlar aholisini ishonchli va sifatli aloqa tarmoqlari bilan qamrab olishga imkon bermoqda.

Aloqa vazirligi «Kun.uz» nashriga bergan ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatning Boysun, Denov, Sariosiyo, Uzun va Sherobod kabi chegara oldi va tog‘li tumanlarda joylashgan 25ta tog‘li aholi maskanlaridagi zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda.

Machay – tog‘li Boysun tumanining eng olis, chekka qishloqlaridan biri. Tuman markazidan 80 km uzoqda joylashgan “Machay” QFYda 6500 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Bu hududda shu kunga qadar birgina mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatayotgani, raqobatning yo‘qligi aloqada uzilishlarni va texnik qiyinchilarni yuzaga keltirar edi. Rejaga muvofiq, qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi qishloqlarda may oyida UZMOBILE Milliy operatorining 2 ta, Perfectum Mobile operatorining 1 ta tayanch baza stansiyalari o‘rnatildi. Natijada, hududning 80 foizi Milliy operator aloqa signallari bilan qamrab olinib, aholi arzon va sifatli mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

Sifatli mobil aloqa o‘z navbatida zamonaviy internetdan samarali foydalanish imkonini beradi. Machay qishlog‘i xududida joylashgan 4ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi UZMOBILE kompaniyasi tomonidan “Ziyonet” ta'lim tarmog‘iga ulandi.

Uzun tumanining Bobotog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini hududi UZMOBILE milliy aloqa operatorining CDMA va GSM standartlari aloqa qamrovi bilan to‘liq qamrab olindi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining uzoq tog‘li aholi maskanlarida raqamli televideniye qamrovini kengaytirish bo‘yicha ham uzluksiz ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi islohotlar samarasini machayliklar allaqachon his qilishgan. Shu kungacha mahalliy aholi “O‘zbekiston” va “Yoshlar” telekanallarini tomosha qilib kelishgan bo‘lsa, hozirda aholi 18ta raqamli telekanalni ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan.

Joriy yilda tog‘li hududlarda mavjud kam quvvatli analogli teleradiouzatkichlar o‘rniga jami 86ta zamonaviy DVB T-2 standartidagi raqamli teleradiouzatkichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Tog‘li aholi maskanlaridagi elektr energiyasi ta'minotidagi cheklovlarni inobatga olib, quyoshli panelli batareyalar hamda shamol generatorida ishlaydigan mobil aloqa stansiyalari, qo‘shimcha dizel generatori va akkumulyatorga ega raqamli  teleradiouzatkichlar o‘rnatilmoqda.

Aholi bilan muloqot, aloqa sohasida ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Joriy yilning 21-22 iyun kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi hamda Aloqa inspeksiyasi mas'ul xodimlari Boysun tumanida bo‘lib, ochiq muloqotlarda fuqarolarning muammo va takliflarini o‘rganishdi. Machayga kirib kelgan texnologik o‘zgarishlarni aholi yuz-ko‘zidan ham bilish mumkin. Aholi vakillari fikr-mulohazalarini bayon etib, yaratilgan qulaylik va g‘amxo‘rlik uchun hukumatga hamda vazirlik mutasaddilariga minnatdorchilik bildirishdi.

Top