18:48 / 29.06.2017
32204

«O‘zbekiston Afg‘onistonga yondashuvini o‘zgartirmoqda»

Foto: AKIpress

AQShdagi Jamestown Foundation tadqiqot markazi saytida «O‘zbekiston Afg‘onistonga yondashuvini o‘zgartirmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Unda hozirgi kunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyoda samarali va konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotgani ta'kidlangan. O‘zbekistonning Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan munosabatlarni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlari e'tirof etilib, rasmiy Toshkent tomonidan Afg‘oniston bilan ham aloqalarni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berilgan.

«Ushbu mamlakat bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish O‘zbekiston rahbariyatining turli darajadagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida yangicha qarashlarga ega ekani natijasidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining afg‘on hamkasbi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsiy, shu jumladan, xalqaro forumlar sahnasidagi aloqasini yoqlaydi», deyiladi maqolada.

Shu o‘rinda ikki davlat rahbarining shu yil 8 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik tashkilotining Ostona sammiti doirasidagi barcha yo‘nalishlarda sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilingan uchrashuvi yodga olinadi.

Markaz shuningdek, 2017 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kobulga tashrif buyurgani va Afg‘oniston rahbariyati bilan muzokaralar olib borgani haqida to‘xtaladi. 

«Mazkur tashrif Toshkent Afg‘oniston Islom Respublikasini tahdidlar manbasi deb emas, balki transchegaraviy savdo, gumanitar va madaniy aloqalarni kengaytirish imkoniyatlariga ega hudud, energetika, infratuzilma va transport sohalaridagi o‘zaro manfaatli mintaqaviy dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi davlat deb bilishini yaqqol namoyon etdi», deyilgan Jamestown Foundation tomonidan.

O‘zbekistonning mazkur davlat bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalasida qat'iyligining yana bir misoli sifatida joriy yilda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili lavozimining tashkil etilganiga e'tibor qaratiladi. Jamestown Foundation mutaxassislarining e'tirof etishlaricha, «bu rasmiy Toshkentning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatlarda faol o‘rin tutishini namoyon etadi».

Maqolada O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyevning so‘zlaridan iqtibos keltirilib, ikkala mamlakatda ham o‘zaro tovar aylanmasini ayni kundagi 500 million AQSh dollaridan 2017 yilning oxiriga qadar 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi haqida xabar beriladi.

«Shu yilning yanvar oyida Kobul shahrida O‘zbekiston Savdo uyi ochildi va bu yerda muntazam ravishda Afg‘onistonga shimoliy qo‘shni davlatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Darvoqe, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan temir yo‘l orqali bog‘langan yagona davlat hisoblanadi hamda bu yo‘l orqali o‘lkaga neft va gaz sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jalik texnikalari, dori-darmonlar va boshqa tovarlar yetkazib beriladi», deyilgan maqolada.

Ekspertlar markazining xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda Afg‘oniston bilan bog‘liq bo‘lgan turli loyihalarda faol qatnashish uchun ulkan salohiyat mavjud. Shu o‘rinda Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri o‘tkazilishi loyihasiga O‘zbekistonni jalb etish haqidagi yaqinda bayon etilgan Turkmanistonning taklifi tilga olinadi. Jumladan, Jamestown Foundation «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi gaz quvurlari operatori sifatida faoliyat olib borishi mumkin, deb hisoblaydi.

«Toshkent Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri qurilishida orttirilgan ulkan tajribaga ega. Ayni paytda, o‘zbek kompaniyalari ishtirokida Afg‘onistonda uchta yo‘nalish qurilgan», deya qayd etilgan maqolada.

Shundan kelib chiqqan holda, amerikalik mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu mamlakatda yana bitta keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishi uchun yetarli tajriba va ko‘nikmaga egadir.

 

Top