14:25 / 29.06.2017
8972

O‘ziga ortiqcha ishonib, mashina ruliga o‘tirgan shaxs ikki insonning umriga zomin bo‘ldi

Jahongir kech bo‘lganda Toshkentdan uyiga – Samarqandga yo‘lga chiqdi. Yo‘lovchi taksilar turadigan joyda Bahodir ismli kishi bilan yo‘l haqini kelishdi. U “Neksiya”ning old o‘rindig‘iga joylashdi. Mashina egasi yana uch nafar yo‘lovchi bilan kelishgach, yo‘lga chiqishdi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashdilar, tanishdilar. Jizzax shahridan o‘tgach, haydovchida charchoq alomatlari sezila boshladi. Yarim tun, yo‘l uzoq. Tunda ayniqsa haydovchi ko‘proq charchaydi. Ko‘rinish cheklangan, buning ustiga ro‘paradan kelayotgan avtomashinalarning chiroqlari ko‘zni qamashtiradi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Haydovchining charchog‘i zo‘rayib, mudrab ketayotganini ko‘rgan Jahongir:

-  Bahodir aka, siz dam oling. “Pravam” cho‘ntagimda, uyqum kelgan emas. Mashinani haydab ketaveraman, - dedi.

Bu gapning o‘rniga “Charchagan bo‘lsangiz, bizning hayotimizni xavf ostiga qoldirmang. Bir chetga to‘xtab, uxlab oling” deganida, to‘g‘riroq bo‘lardi. Haydovchi ham shu yerda xatoga yo‘l qo‘ydi, tanimagan-bilmagan, haydovchilik tajribasini sinab ko‘rmagan odamga rulni ishonib topshirdi. Rul bilan birga o‘zining va uch kishining hayotini ishonib topshirdi. “Ham uxlayman, ham yurganimiz foyda”, deb o‘yladi.

Jahongir haydovchining o‘rindig‘iga o‘tdi. Bahodir esa Jahongirning joyiga o‘tirdi. Jahongir avvaliga sekin haydadi, asta-sekin moslashgach, ishonch bilan tezlikni oshirdi.

Islom “KaMAZ” rusumli tirkamali mashina boshqaradi. Bu ulkan mashinani boshqarish haydovchidan katta mahorat hamda yo‘l harakati qoidalariga qat'iy amal qilishni talab qiladi. Chunki yo‘lning katta qismini egallab borayotgan bu ulkan mashinaning ozgina xatosi boshqalar uchun katta xavf tug‘diradi. Islom “KaMAZ”ga va tirkamasiga yuk ortib trassaga chiqqach, beton to‘siqlarning ochiq joyidan qayrilib olmoqchi bo‘ldi.

Bu paytda Jahongir boshqarib kelayotgan avtomashina juda yaqinlashib qolgan edi. Jahongir “KaMAZ”ni juda kech payqadi va jon-jahdi bilan tormozni bosdi. Biroq, masofa yaqin, tezlik yuqori edi. Yengil avtomashina chapga burilayotgan “KaMAZ”ning tirkamasiga yon tomondan borib urildi.

“KaMAZ” haydovchisi sakrab tushib, ular tomon yugurdi. Haydovchi hushidan ketgan, yonidagi qonga belangan odam nafas olmayotgan edi. Orqadagi yo‘lovchilarning ham ahvoli ayanchli edi. Darrov boshqa mashinalar ham to‘xtab, yordamga yetib kelishdi... Jabrlanganlarni yo‘lovchi mashinalarda shifoxonaga jo‘natishdi.

Biroq, Bahodir va orqa o‘rindiqdagi Davron ismli kishi shifoxonaga yetib bormay dunyodan ko‘z yumdi. Qolgan ikki yo‘lovchi esa turli darajadagi tan jarohati olishdi.

“KaMAZ” haydovchisi Islom va o‘ziga ortiqcha ishonib, mashina ruliga o‘tirgan Jahongir Sur'atov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Top