08:45 / 30.06.2017
5650

Gollandiyaliklar quyosh batareyalarida ishlovchi seriyali mashinani tayyorlashmoqda

Foto: motor.ru

Eyndxoven texnika universiteti bitiruvchilari tomondan tashkil etilgan Lightear golland kompaniyasi o‘zining ilk modelini chiqarishini e'lon qildi. Bu One nomli, quyosh batareyalarida ishlovchi elektrokar bo‘lib, 2019 yildan seriyali ishlab chiqariladi.

Hozircha kompaniya mashinaning bir nechta tizerini namoyish qilgan. Taxminlarga ko‘ra, avtomobilning tom qismi quyosh panellari bilan qoplanadi. Mashina yaratuvchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Gollandiyada mashina kundalik safarlar uchun yetarlicha yorug‘lik oladi. Umumiy hisobda mashina yiliga faqatgina quyosh panellarida o‘n ming kilometrgacha yo‘l bosib o‘tishi mumkin.

Elektr mashina to‘liq uzatmali qilib ishlanadi, batareyalar quvvati 400-800 km masofaga yetadi. Mashinani sovuq havoda yoki uzoq safarlar uchun tashqi tarmoqdan quvvatlash imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Modelning ishlab chiqarilishi alohida versiyadagi o‘nta avtomobildan iborat seriyadan boshlanadi. Bu mashinalar mijozlarga ikki yildan keyin topshiriladi. 2020 yilda yana 100 ta mashina ishlab chiqarilishi belgilangan. 

Elektrokar Yevropa va AQShda sotuvga chiqarilmoqchi. Uning minimal narxi 119 ming yevroni tashkil qiladi.

 

Top