15:30 / 30.06.2017
20541

Ilon Mask hayotining bir kuni

28 iyun kuni dunyoning eng ekssentrik milliarderlaridan biri Ilon Mask 46 yoshga to‘ldi. Besh o‘g‘ilning otasi Marsni zabt etish va insoniyatni elektromobillarga o‘tkazish niyatida. Harvard Business Review nashri Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari bir kunini qanday o‘tkazishi haqidagi ma'lumot bilan bo‘lishdi.

Kofeinsiz tong. Ilon Mask odatda ertalabki soat 07:00 da uyg‘onadi. Kunning aksariyat qismida u ish bilan band bo‘ladi va iqror bo‘lishicha, bu u uchun har doim ham oson kechmagan. Ishbilarmon tetiklikni saqlash uchun uzoq vaqt qahva va kola kabi kofeinli ichimliklarni iste'mol qilgan, biroq keyin kofein sog‘liqqa salbiy ta'sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelgan. Bir necha yil avval u zo‘riqish natijasida periferik ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishiga oz qolgan. Hozir esa Mask faqat kofeinsiz parhezli kola ichadi va ko‘proq uxlashga harakat qiladi.

Vaqt taqsimoti. Mask kuniga o‘rtacha 12 soatdan ishlaydi va hozir bu vaqtni besh kompaniya - Tesla, SpaceX, Neuralink (bosh miya impulslarini hisoblovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi),  Open AI (sun'iy intellektga ixtisoslashgan) va Boring Company (burg‘ulash va Los-Anjyelesda tunnellar qurilishi) boshqaruvi uchun taqsimlaydi. Oxirgi uch kompaniyaga milliarder o‘z vaqtining ko‘pi bilan 5 foizini ajratadi. So‘nggi paytlarda Mask o‘z tvitterida Boring company haqida ko‘p yozmoqda. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, aslida bu u uchun ko‘proq ko‘ngilochar mashg‘ulot. Maskning 95 foiz ish vaqti Tesla va SpaceX boshqaruviga ketadi. Iyun oyining boshida Mask hazillashibmi yo jiddiy, hozirda Tesla uning ko‘p vaqtini olayotgani, zero u "muammolarni jalb qiluvchi magnit" ekanini aytdi.

Tesla va SpaceX o‘rtasida. Smartfondagi elektron pochta - ikki kompaniya boshqaruviga vaqt taqsimlashda yordam beruvchi ajoyib servis, deb hisoblaydi Mask va qayerda bo‘lmasin, hamma joyda (vanna, mashina yoki sayr) elektron pochta bilan ishlay olishiga ishontiradi. Shuningdek milliarder intervyularining birida Tesla va SpaceX kompaniyalaridagi vaqtini kunlarga taqsimlab chiqqanini aytgandi. Dushanba va seshanba - SpaceX'da, seshanba kechqurun - Los-Anjyelesdan Tesla'ning Palo-Altodagi idorasiga parvoz, chorshanba va payshanba - Tesla'da, juma - Los-Anjyelesga qaytish, bu yerda Mask zarurat tug‘ilganda uikend tugagunga qadar Tesla va SpaceX'ga vaqt ajratadi.

Xobbi va bo‘sh vaqt. "Ehtimol, bu sizni shokka tushirar, lekin men sport bilan ko‘p shug‘ullanmayman", - deya tan oladi Mask Tesla aksionerlari yig‘ilishida o‘z qiziqishlari haqidagi savolga javob berar ekan. Ma'lum bo‘lishicha, Mask musiqa tinglashni yaxshi ko‘radi, ayniqsa mashinada ketayotganda. Uning aytishicha, yaxshi musiqalar jamlangan pleylist tuzish hozircha qiyinroq, lekin kelgusida, ehtimol, shunday qilishga imkon yaratuvchi algoritmlar paydo bo‘lar. Milliarder kino ko‘rishni yoqtiradi, biroq so‘nggi vaqtlarda ishi ko‘pligi tufayli kamroq kino ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan dam olish kunlarining birida u o‘g‘illari bilan birga "Mo‘'jiza-ayol" filmini tomosha qilgan va aytishicha, bu ajoyib bo‘lgan. Mask farzandlari va do‘stlari bilan imkon qadar ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qiladi. Mask o‘zining internetdagi faolligini izohlar ekan, "Ba'zan tvitterda "aqldan ozaman", deydi.

Uyqu. Ilon Mask taxminan tungi soat 1:00 larda uxlashga yotadi. "Uyqu - haqiqatda ajoyib narsa. Kam uxlagan kunlarim sal narsaga jahlim chiqadigan bo‘lib qolaman", - deydi u. Mask uyquga to‘yishi va yangi kuch bilan ishga kirishishi uchun o‘rtacha 6-6,5 soat yetarli.

Mavzuga oid
Top