15:20 / 30.06.2017
61678

«Kamolot» YoIH tugatildi

Foto: «Kamolot.uz»

Bugun, 30 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida «Kamolot» YoIH (Yoshlar ijtimoiy harakati) qurultoyi boshlandi.

«Kun.uz»ga qurultoy ishtirokchilarining ma'lumot berishicha, tashkilot tugatilgan - nomi o‘zgartirilgan va «Kamolot» YoIH o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilgan.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi. Hozirgi kunda «Kamolot» YoIHga nisbatan yoshlarning ishonchi so‘nib borayotgani ta'kidlangan. Prezident zalga yig‘ilgan yoshlar bilan suhbat qurar ekan, tashkilot nomini va faoliyatini tubdan o‘zgartirish vaqti kelganini aytgan.

Shu munosabat bilan «Kamolot» YoIH nodavlat-notijorat tashkiloti faoliyati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi davlat tashkiloti tuzilgani e'lon qilingan.

Shu yil aprel oyi boshida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatiga Odiljon Fotihjonovich Tojiyev rais etib tayinlangan, ko‘p vaqt o‘tmay Sarvar G‘aniyevich Ashurov unga birinchi o‘rinbosar bo‘lgandi. Yangilangan tashkilotda ularning lavozimi saqlanib qolgan-qolmagani hozircha ma'lum emas.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 1991-1996 yillarda ham O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi nomidagi tashkilot faoliyat yuritgandi (O‘zbekiston hali Sobiq ittifoq tarkibida bo‘lganida tuzilgan, komsomol o‘rnida - tahr).

1996 yil aprel oyida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov farmoni bilan «Kamolot» jamg‘armasi tuzilgan. Ushbu jamg‘arma 2001 yilda yoshlar ijtimoiy harakatiga aylantirilgandi.

Xalqaro press-klubda 1 iyul kuni bu boradagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma'lumotlar berilishi kutilmoqda.

Top