00:57 / 30.06.2017
24086

Shavkat Mirziyoyev hokimlik va idoralar rahbarlari e'tiborini bir kunda joyida hal etilgan masalalarga qaratdi

29 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan tanishdi. O‘zbekiston telekanalining "Axborot" dasturi shu haqida xabar berdi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda avvalo mazkur tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining kundalik hayotdagi tashvish va muammolarini hal etish masalalari har taraflama ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek majlisda joriy yil aprel-iyul oylarida mamlakat Prezidenti ishtirokida Chilonzor, Olmazor, Yashnobod, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida o‘tkazilgan xuddi shunday uchrashuvlarda berilgan topshiriqlar ijrosi, ahvoli hamda Toshkent shahrining boshqa tumanlarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. 

Davlat rahbari o‘z nutqida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan aholi murojaatlarining tahlili natijalari, xalqimizni tashvishlantirayotgan muammolarni hal etish va odamlarning og‘irini yengil qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish va yangicha yondashuvni qo‘llash zarurligidan dalolat berayotganini qayd etdi. 

Ta'kidlash joizki, bu yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan maxsus tuzilgan ishchi guruhi Mirzo Ulug‘bek tumaniga borib, bir necha kun mobaynida aholi bilan o‘tkazgan muloqot asosida 730 ta muammo aniqlangan. Shundan ishchi guruh tomonidan 397 ta muammoli masala yoki 54 foizi joyida bartaraf etilgan. Qolganlari bo‘yicha hal etish choralari belgilangan. Shu jumladan, 87 ta kam ta'minlangan oilaga moddiy yordam ko‘rsatish masalasi hal etilgan, 27 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan, 20 nafar yolg‘iz va nogiron fuqaroning uy-joyi hashar yo‘li bilan ta'mirlangan. Ko‘plab binolar va ko‘chalarni ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari tashkil etilgan. 

Shavkat Mirziyoyev tashabbus ko‘rsatmasdan, yuqoridan ko‘rsatma berishni kutishga o‘rganib qolgan hokimliklar va idoralar rahbarlarini qattiq tanqid qilib, ularning e'tiborini markazdan yuborilgan ishchi guruhi bir kun mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida qanchadan-qancha odamlarning muammosi hal bo‘lgani, bu esa o‘z navbatida fuqarolarning kayfiyatiga ijobiy ta'sir qilishi va shikoyatlarning kamayishiga olib kelishiga qaratildi. Shu sababli barcha tumanlarda maxsus ishchi guruhlar tuzib, grafik asosida har haftada mahallalardagi aholi bilan uchrashish va ularning muammolarini imkon qadar joyida hal etishni ta'minlash yuzasidan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. 

Toshkent shahrining boshqa tumanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda bo‘lgani kabi, Mirzo Ulug‘bek tumanida ham aholining kayfiyatiga eng ko‘p ta'sir etadigan soha - kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi zudlik bilan bartaraf etish zarur bo‘lgan muammolar mavjudligi ta'kidlandi. Bu borada turar-joy fondi va ijtimoiy soha obektlarini 2017-2018 yil kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchilari, bosh vazir o‘rinbosarlari, Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, hisob palatasi, vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlari, shuningdek aholi, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlari vakillarining takliflari eshitildi va muhokama qilindi hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni va ijtimoiy masalalarni hal etishni nafaqat bugungi kunda, balki o‘rta va uzoq istiqbolda ham ta'minlashga yo‘naltirilgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid
Top