09:45 / 01.07.2017
5754

Strasburgda Gelmut Kol bilan vidolashuv marosimi boshlandi

Foto: © RIA Novosti

“Germaniya birlashuvi otasi” GFR sobiq kansleri Gelmut Kol bilan umumevropa vidolashuv marosimi Fransiyaning Strasburg shahrida shanba kuni bo‘lib o‘tadi.

GFRning 6-kansleri va eng nufuzli nemis siyosatchilaridan biri Gelmut Yozef Mixael Kol 16 iyun kuni 87 yoshida vafot etdi.

Motam marosimi shanba kuni Yevroparlament binosida bo‘lib o‘tadi, so‘ng siyosatchi Germaniyada dafn etiladi.

Mahalliy vaqt bilan soat 9 ga vidolashuv joyiga xorijiy delegatsiyalar tashrifi boshlanadi – ularning umumiy soni 40 tani tashkil etadi. Marosim ishtirokchilari orasida – Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, GFR kansleri Angela Merkel, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko va AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton bor.

Marosim dasturida ta'kidlanishicha, Yevroparlament raisi Antonio Tayani, Yevrokengash raisi Donald Tusk, Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker, Ispaniya sobiq bosh vaziri Felipe Gonsales nutq so‘zlaydi. Shuningdek, Makron, Merkel, Medvedev va Klintonning chiqish qilishi rejalashtirilgan.

Marosim yakunlangandan so‘ng Kol jasadi vertolyotda Lyudvigsxafenga yetkaziladi, keyin esa – kemada – Germaniya janubi-g‘arbida Shpayyer shahriga olib boradi, u yerda dafn marosimi bo‘lib o‘tadi.

Marosim kunida xavfsizlikni ta'minlashga ikki ming politsiyachi, shuningdek, 300 nafar qutqaruvchi jalb etildi. Bundan tashqari, sapyorlik xizmatlari va dronlardan himoya bo‘yicha mutaxassislar ham ishlaydi.

Gelmut Kol 1930 yilning 3 aprel kuni Lyudvigsxafen shahrida dunyoga kelgan. Gimnaziyani bitirganidan so‘ng bo‘lajak kansler Frankfurt universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirgan, biroq biroz o‘tib Geydelberg universitetiga o‘tib, tarix va siyosiy fanlarni o‘rgangan.

Kol 1946 yilda maktab o‘quvchiligi paytida “Xristian demokratlar ittifoqi” partiyasi a'zoligiga kirdi. U 1966 yilda Reynland-Pfaltsdagi XDI rahbariga aylandi, keyin esa – bu yerlar bosh vaziri bo‘ldi, va 1973-1998 yillarda GFR XDI raisi lavozimini egalladi.

1982 yilning oktabrida Kol bundestagdagi amaldagi federal kansler Gelmut Shmidtga ishonchsizlik jarayoni davomida Germaniyaning oltinchi federal kansleriga aylandi. Kol bu lavozimda 16 yil ishladi.

Aynan u 1989-1990 yillarda G‘arbiy va Sharqiy Germaniyaning birlashishi jarayonida muhim o‘rinni tutgan. 

Kol nomzodi bir necha bor Nobel tinchlik mukofotiga ilgari surilgan.

Mavzuga oid
Top