18:29 / 01.07.2017
121912

Toshkentda yosh yigit tengdoshlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi

Foto: Facebook

Toshkentda yosh yigit Yunusobod tumanining Markaz-4 mavzesida tengdoshlari tomonidan kaltaklanganidan so‘ng vafot etdi. Hodisa 28 iyun kuni kechqurun yuz bergan. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi

Avvaliga Akmal Abdurahmonov ismli yigitning hayotdan ko‘z yumgani haqida turli ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, Facebook’dagi guruhlardan birida guvohlarning yozishicha, Akmal Toshkent shahridagi 1-yuridik kollejining 2013 yilgi bitiruvchisi bo‘lgan. U hodisa yuz bergach, 4 soatlik jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan, bosh miyasi qattiq shikastlangan. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqda ayblanuvchilar unga faqatgina bir bora zarba berishgani, uning o‘zi yiqilib tushganini ma'lum qilishgani aytiladi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, voqea tungi 21:30-22:00 atrofida bo‘lib o‘tgan. Sport kiyimidagi bolalar marhum bilan gap talashib qolishadi va o‘rtada nizo kelib chiqadi. Ular Akmalga hujum qilishadi, yigit hushsiz yerga qulaydi.   

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik ish 104-modda 3-qismga o‘zgartirildi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish). 

Ta'kidlanishicha, Yunusobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi tergov-tezkor guruhi ushbu ish bo‘yicha tergov olib bormoqda. Gumonlanuvchilar ismi va soni hozircha oshkor etilmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining 1999 yilda tug‘ilgan, 17 yoshli talabasi Jasur Ibragimov o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklanganidan so‘ng 1 iyun kuni olamdan o‘tgandi.

Top