10:25 / 02.07.2017
9167

Exud Olmert muddatidan avval ozodlikka chiqarildi

Foto:epa/vostock-photo

Isroil sobiq bosh vaziri Exud Olmert muddatidan avval ozodlikka chiqarildi. «Gaarets» nashrining xabar yozishicha, korrupsiyada ayblanib, 2016 yil fevralida 18 oyga qamalgan sobiq siyosatchi 16 oyni qamoqda o‘tkazgach, shartli ravishda ozod qilingan, shartlar ma'lum qilinmagan.

U jazoni Tel-Avivdan 20 km masofadagi "Maasiyagu" qamoqxonasida o‘tayotgandi. O‘tgan haftada u ko‘krak sohasidagi og‘riq tufayli shifoxonaga tushgandi. U shifoxonada bir necha kun yotdi, bu vaqtda isroillik siyosatchilar 71 yoshli siyosatchining davlat oldidagi xizmatlarini inobatga olgan holda ozod etishni so‘rashdi.

Olmert 2006 yildan 2009 yilgacha Isroil bosh vaziri bo‘lgan, u 2014 yil mayida poraxo‘rlik uchun olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U Quddus (Iyerusalim) meri lavozimini egallab turgan paytida Holyland turar-joy majmuasi quruvchilaridan 144 ming dollar, yana boshqa ish bo‘yicha esa 17 ming dollar pora olgani aniqlangan. 2015 yil dekabrida sud uning apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, jazo muddatini 1,5 yilgacha kamaytirgan, shu bilan birga Olmert Isroil tarixida qamoqqa olingan ilk bosh vazir bo‘lgandi.

Isroil tarixida eng katta korrupsiya mojarolaridan biriga aylangan Holyland ishi bo‘yicha ayblov Olmertga 2012 yil yanvarida qo‘yilgan edi. Bu ish bo‘yicha yana to‘qqiz kishi aybdor deb topilgan, uch kishi oqlangan.

Olmert partiyadoshi Ariel Sharon komaga tushgach, hukumatga rahbarlik qilgan va 3 yil o‘tib, o‘rnini Binyamin Netanyahuga topshirgandi. U bosh vazirlik qilga vaqtda so‘l-markaz siyosatchi sifatida faoliyat ko‘rsatib, Suriya va Falastin bilan tinch muzokaralar jarayoniga barham bergan, isroilliklar o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqqan deb hisoblovchi Ikkinchi Livan urushini boshlagan hamda G‘azo bo‘lagiga yurish qilib, mingdan ortiq falastinlikning o‘ldirilishiga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top