09:22 / 02.07.2017
10667

Times: Britaniya maxsus kuchlari Afg‘onistondagi jinoyatlarini yashirgan

Buyuk Britaniya maxsus kuchlarining SAS bo‘limi o‘z xodimlarining Afg‘onistonda 2010 yildan 2013 yilgacha qurolsiz odamlarni o‘ldirganini yashirgan. Bu haqda harbiy politsiyadagi manbalarga iqtibos keltirgan holda The Times nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, SAS’ning kamida bitta otryadi "Tolibon" guruhi bilan aloqadorlikda gumon qilingan tinch aholining uylariga uyushtirilgan tungi reydlardan birida bu gumonlanuvchilarni qo‘lga olish o‘rniga ularni sovuqqonlik bilan o‘ldirgan. Bu orada britan maxsus kuchlari o‘z hisobotlarida birgalikdagi operatsiya vaqtida otishmani asosan Afg‘oniston maxsus kuchlari xodimlari olib borganlarini ko‘rsatishgan va go‘yoki o‘lgan afg‘onlar qo‘liga jangarilar qo‘mondonlari ko‘pincha ishlatadigan Makarov to‘pponchasini tutqazib, sahnalashtirilgan fotosuratlar tayyorlashgan. Biroq qurbonlardan ba'zilarining tanalarida britan armiyasi tomondan ishlatiladigan o‘qlar izlari qolgan va hisobotlarda bir necha marotaba o‘lganlarga tegishli bo‘lgan bir raqamdagi qurol takror ko‘rsatilgan.  

2014 yilda boshlangan tergov Nortmoore kod nomlanishi olib, u britan maxsus kuchlarining Afg‘onistonda 2010 yildan 2013 yilgacha sodir etgan noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq 675 ta holatni o‘z ichiga olgan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligida aytilishicha, 90 foizdan ko‘proq holat bo‘yicha tekshiruvlar to‘xtatilgan va faqatgina 10 dan kamroq holatgina o‘rganilmoqda.  "Qirollik harbiy politsiyasi qurolli kuchlarning Afg‘onistonda jinoiy xatti-harakatlar amalga oshirganining isbotini topmagan", deyilgan mudofaa vazirligida. 

Tergov 2021 yilgacha davom etishi mumkin, biroq mudofaa vazirligi ushbu holatlar bo‘yicha yozgacha xulosa berilishini talab qilgan. Ma'lum qilinishicha, bu tergovchilarda holatlarni batafsil o‘rganish uchun yetarlicha vaqt bo‘lmasligi uchun qilingan.

Top