15:23 / 03.07.2017
12244

Seul meri ilk marta Toshkentda bo‘ldi

Foto: Gazeta.uz

Bugun, 3 iyul kuni Toshkent shahridagi Do‘stlik parkida (sobiq Bobur nomidagi park) joylashgan Seul bog‘ida "Koreys diasporasining O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishining 80 yilligi munosabati bilan koreys xalqi nomidan o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va mehribonligi uchun chuqur minnatdorchilik ramzi" bo‘lgan memorial yodgorligi ochildi. Bu haqida "Gazeta.uz"da xabar berildi

Ochilish marosimida Seul meri Pak Von Sun ishtirok etdi. Ta'kidlash joizki, bu Janubiy Koreya poytaxti ma'muriyati rahbarining O‘zbekistonga birinchi tashrifidir. 

1937 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston hududiga deportatsiya qilingan koreyslarning umumiy soni 172 ming kishini tashkil qilgan. 

Koreya madaniy markazi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda koreys diasporasining 182 ming vakili istiqomat qiladi. 

"Bizning minnatdorchiligimizni bildiruvchi yodgorlikni qurish g‘oyasi O‘zbekistondagi koreys diasporasi yetakchilaridan chiqdi. Xususan, O‘zbekistondagi Koreya madaniyat markazi boshqaruvchisi, Oliy majlis deputati Viktor Pak shunday tashabbus bilan chiqqan", - deydi tanlovdan g‘olib bo‘lgan yodgorlik muallifi Artur Kvon. Yodgorlikni o‘rnatish uchun mablag‘ O‘zbekistondagi koreys diasporasi tomonidan to‘plangan. Shu bilan birga koreys ishbilarmonlari va oddiy fuqarolari ham o‘z hissalarini qo‘shishgan. 

Tadbirda shuningdek Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov va Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon U hamda respublika madaniy markazlar vakillari qatnashishdi. 

Top