09:58 / 04.07.2017
6906

Qatar amiri Fransiyaga tashrif buyurmoqchi

Foto: RIA Novosti

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad ol Soniy 3 iyulda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon muloqotida Fransiyaga yoz oxirida tashrif buyurmoqchiligini ma'lum qilgan. Bu haqda Yelisey saroyi bayonotiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Axborot agentligining xabar berishicha, Makron va Ol Soniy suhbat chog‘ida Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi diplomatik inqirozni muhokama qilishgan. Makron "Fransiya bu masalani hal qilishda o‘z yordamini berishga tayyorligini" aytgan.  

"Telefon muloqoti davomida amir vujudga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda yoz oxirida Fransiyaga tashrif buyurmoqchiligini aytgan", deyilgan xabarda.

Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr 5 iyunda Dohani terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda va ichki ishlariga aralashishda ayblab, u bilan diplomatik aloqalarni uzishgan. Bu qarorga bir qator boshqa davlatlar ham qo‘shilgandi.   

Top