21:33 / 05.07.2017
14173

Erdo‘g‘an Germaniya "o‘ziga qasd qilayotganini" aytmoqda

Foto:Presidential Press Service, Pool photo via AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Germaniya hukumati unga Gamburgdagi G20 sammiti vaqtida o‘z yurtdoshlari oldida nutq so‘zlashni taqiqlash qarorini tanqid qildi. U bu haqda Zeit nemis nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

"Germaniya o‘ziga qasd qilmoqda", deb aytgan Erdo‘g‘an. Uning aytishicha, Germaniya bu xatosini to‘g‘rilaydi.

Erdo‘g‘anning fikricha, nemis OAV Turkiyani yomonotliq qilish bo‘yicha kampaniya olib bormoqda va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. "Agar biz Germaniya bilan munosabatlarimiz chok-chokidan yirtilayotgani haqida savol bersak, unda aniq aytaman: nemis OAV bizga qarshi kampaniya olib bormoqda, buning bir qismi terrorchilar bilan suhbatlar hisoblanadi", deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an. 

Uning aytishicha, Berlin Anqaraga Turkiyadagi davlat to‘ntaruviga urinishni amalga oshirishda gumonlanayotgan kimsalarni berishdan bosh tortmoqda va  terrorchilikni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamoqda. "Siz bu terrorchilarni Turkiyaga berishingiz kerak. Bu yuz bermaguncha, Turkiya Germaniyaga terrorchilarni himoya qiluvchi davlat sifatida qaraydi. Siz buni bilishingiz kerak", deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘an OAVni ham keskin tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, "dunyoda hech qayerda mustaqil OAV yo‘q". "Ma'lum ma'noda ularning barchasi mafkuraviy borada tobedir, yoki o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Agar mustaqil OAV mavjud bo‘lganda, bizda bunday muammolar bo‘lmasdi, chunki biz aniq ko‘rmoqdamiz: ular burinlarini shamol bo‘yicha tutmoqdalar", deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.

Iyun oxirida nemis hukumati Anqaradan Erdo‘g‘an va turk fuqarolari ishtirokida Gamburgda tadbir o‘tkazish murojaatini olgan. 29 iyunda bu murojaat rad etilgan. 30 iyunda Germaniya hukumati barcha xorijiy siyosatchilarga Germaniyada saylovoldi tashviqoti olib borishni taqiqlagani ma'lum bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top