11:00 / 06.07.2017
8749

Yengil sanoatda 2,2 milliard dollar qiymatida investitsion loyiha amalga oshirilmoqda

5 iyul kuni «O‘zbekengilsanoat» AJ tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. 2017-2019 yillarda respublikada yengil sanoatni rivojlantirish dasturiga asosan, 132 ta investitsion loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Dasturning umumiy investitsion qiymati 2,2 mlrd. dollarni tashkil etadi. Bu haqida Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Loyihalardan biri hisoblangan 9 ta to‘qimachilik korxonasi Namangan (3 ta loyiha), Surxondaryo (2 ta loyiha), Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm (1 ta loyihadan) viloyatlarida ishga tushirildi.

Hozirda «O‘zbekengilsanoat» AJ tarkibiga 450 dan ziyod to‘qimachilik, tikuv-trikotaj korxonasi kiradi. Shularning 30 foizdan  ko‘prog‘i xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.

O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror o‘sish hajmi ta'minlanmoqda, jumladan, yillik ip kalava ishlab chiqarish hajmi 590 ming tonnadan ortiq, ip gazlama ishlab chiqarish 485 mln.kv.m, trikotoj matolar 103 ming tonna, tayyor mahsulotlar 660 mln. dona va paypoq mahsulotlari 132 mln. juftni tashkil etadi. 

Tashqi bozorga haridorgir tayyor mahsulotlarni olib chiqish maqsadida sun'iy to‘qimachilik xomashyosi (sintetik iplar va aralash gazlamalar) aralashtirilgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilmoqda. 

Bundan tashqari, umumiy qiymati 600 mln. dollardan ziyodni tashkil etadigan 58 dan ortiq qo‘shimcha loyiha ham mavjud.
Qishloq joylarida va respublikaning ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shimcha 27 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Top