22:15 / 06.07.2017
30023

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan videoselektor o‘tkazdi

6 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda hukumat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy tibbiyot o‘quv yurtlari rektorlari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda prezident sog‘liqni saqlash masalasi har bir odamning kundalik hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor bo‘lib, bu boradagi muammolar aholining salomatligiga, oxir-oqibatda jamiyatning ijtimoiy kayfiyatiga, xalqning davlatga, hukumatga bo‘lgan ishonchiga, hech shubhasiz, eng kuchli ta'sir ko‘rsatadigan soha ekanligiga urg‘u berdi.

Yig‘ilishda tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida keyingi paytda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar e'tirof etildi.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etilgani, faoliyati tugatilayotgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berilganini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, shu yilning o‘zida joylarga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 1 ming 200 «tez yordam» mashinasidan 1 iyulgacha jami 646 dona avtotransport, jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha 126 dona Damas yetkazib berilgani muhim amaliy qadam hisoblanadi.

Ayni paytda sog‘liqni saqlash sohasida bir qator kamchiliklar ham ko‘zga tashlanayotgani majlisda tanqidiy tahlil asosida ko‘rsatib berildi. Xususan, patronaj ishlari talab darajasida emasligiga urg‘u berildi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga patronaj xizmatining mazmun-mohiyati va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yiladigan alohida Nizom tayyorlash vazifasi topshirildi.

«Biz endi tibbiyot muassasasi, jumladan, patronaj xizmatining faoliyatiga soha amaldorlari emas, balki oddiy odamlar, aholining bevosita o‘zi xolis baho beradigan tizim yaratishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda yana bir dolzarb muammo — mintaqa va hududlarda shifokor kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq masala ham muhokama qilinib, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida tibbiyot xodimlari uchun zarur sharoitlar yaratish, jumladan, ularni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar, iste'mol kreditlari bilan ta'minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish haqida ko‘rsatma berildi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish — respublikada sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirishning mavjud holati atroflicha muhokama qilindi. Bu borada davlat rahbarining joriy yil 1 aprelda qabul qilingan qaroriga binoan xususiy tibbiyot muassasasalari faoliyatiga cheklovlar bekor qilinib, qator imtiyozlar berilgani, ular uchun barcha turdagi yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat etilgani ta'kidlandi. Lekin yaratib berilgan katta imkoniyatlarga qaramasdan, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilindi. Bu masalada, ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida jiddiy kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalliy hokimliklar xususiy tibbiyot sohasiga sarmoya jalb qilish masalasiga, yangi muassasa tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yetarli darajada e'tibor bermayotgani bilan bog‘liq kamchiliklar tanqid qilinib, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, shu borada «Asakabank» qoshida Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish maqsadga muvofiq, deb topildi va davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan qo‘shimcha moliyaviy manbalar hisobidan ushbu jamg‘armaga 14 million dollar miqdorida mablag‘ ajratildi.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar, kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari, bir qator viloyat va tumanlar hokimlarining axborotlari tinglandi.

Top