22:10 / 07.07.2017
20889

Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining ko‘tarilishi to‘g‘risidagi qarorga izoh berdi

7 iyul kuni Xalqaro Press-klubda "Senat olti oyda: sarhisob va tahlil" mavzuida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bank departament direktor o‘rinbosari Azimov Zafar Abdumajidovich so‘zga chiqib quyidagilarni ma'lum qildi:

"Ta'kidlab o‘tish joizki, 2017 yilda juda katta miqdorda tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratib berildi. Kredit qo‘yilmalari hajmi oldingi yillarga qaraganda nihoyatda oshib ketdi. 

O‘tgan yarim yillikning o‘zida o‘sish darajasi 45,6 foizni tashkil qildi. Faqatgina kichik biznes sub'yektlarining o‘zida 10,2 trillion so‘mlik hamda yirik investitsion loyihalarni molyalashtirish uchun 7,2 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. 

O‘zingizga ma'lumki, butun dunyoda iqtisodiy inqiroz davom etmoqda. Mana shu inqiroz paytida regulyator, ya'ni Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasini oshirish  yoki tushirish orqali narxlar barqarorligini ushlab turishi, inflyatsion xatarlarning oldini olish maqsadida shunday qaror qabul qilishi mumkin. Shu holatdan kelib chiqqan holda, Markaziy bank boshqaruvi tomonidan, davlatimiz rahbari tomonidan bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizdan yillik 14 foizga ko‘tarish bo‘yicha qaror qabul qildi. 

Mazkur qaror qanday maqsadlarni ko‘zda tutadi?

⦁    mamlakatda inflyatsiya darajasi o‘sishining oldini olish;
⦁    inflyatsion xatarlarni cheklash;
⦁    iste'mol bozoridagi narxlarning o‘sib borishini oldini olish. 

Markaziy bank boshqaruvi doimiy ravishda mamlakat iste'mol bozoridagi narxlar barqarorligini kuzatib boradi, tahlil qiladi. Agar ushbu tahlil natijalari narxlarning barqarorligini ko‘rsatsa hamda inflyatsion xatarlarning pasayganini ko‘rsatsa, Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasini qaytadan ko‘rib chiqadi va uni pasaytiradi. 

Valyuta kursini shakllantirishning erkin bozor rejimiga o‘tmoqchi ekanmiz, qayta moliyalashtirish stavkasi albatta oshishi kerak edi, bu ham asosiy zaminlardan biri". 

Shuningdek mutaxassis iyun oyida davlatimiz rahbarining qarorlariga asosan, tijorat banklari ustav kapitalini oshirish uchun 500 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilganini ta'kidladi. 

Top