19:50 / 07.07.2017
55395

Prezident Namanganda kovulchilikni rivojlantirish bo‘yicha assotsiatsiya tashkil etishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida qurilayotgan O‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchi zavod imkoniyatlari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

«Ifoda agro kimyo himoya» mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘z mablag‘i va «Hamkorbank» kreditlari yordamida bunyod etayotgan ushbu zavodda qishloq xo‘jaligi ekinlarini turli kasalliklardan himoya qiluvchi 28 turdagi kimyoviy preparatlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Korxonaning loyiha qiymati 6,5 million dollarni tashkil etadi. 

Ushbu zavod ishga tushganidan keyin xorijdan keltirilayotgan kimyoviy preparatlar bilan mamlakatimizni to‘liq ta'minlash, hatto xorijga eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Prezident preparatlarni tayyorlashda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, eksportni kengaytirish zarurligini ta'kidladi. 

Shu yerda Namangan viloyati hududidagi past rentabelli adirlarda yong‘oqzor, pistazorlar bunyod etish, paxta va g‘alla maydonlarini kamaytirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, kovul ekishni tashkil qilish, parrandachilik va echkichilikni rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

Davlat rahbari kam hosil beradigan, zarar ko‘rib ishlayotgan tumanlarda paxta va g‘alla maydonlarini keskin kamaytirish, uning o‘rniga yuqori daromad beradigan meva-sabzavot, poliz ekinlarini ekish lozimligini ta'kidladi. Toki odamlarimiz mehnatining rohatini ko‘rsin, hayotidan rozi bo‘lsin. 

Mamlakatimizning ayrim hududlarida, jumladan, Namangan viloyatida o‘sadigan kovul bargi, mevasi va tomir po‘sti tabobatda qo‘llaniladi. Turli shishlarni davolash, nafas qisishi, taloq qotishi, qurtlarni haydash, poliartrit, bo‘qoq kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bu yil viloyatning 3 ming gektardan ziyod maydonida ushbu o‘simlikni ekish rejalashtirilgan. Kam xarajat va oz mehnat talab qiladigan bu o‘simlikdan yiliga to‘rt marta hosil olish mumkin. 

Prezident kovul yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslarni ishlab chiqish, eksport qilish mexanizmini yaratish, viloyatda kovulchilikni rivojlantirish bo‘yicha assotsiatsiya tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Xalq orasida kavar deb ham ataladigan ushbu o‘simlik shifobaxsh xususiyatga egadir. Quyidagi maqolada kavar o‘simligi haqida batafsil ma'lumot berilgan. Unda keltirilishicha, bu o‘simlikdan yiliga 1 gektaridan 125 ming dollar daromad qilish mumkin.

Kavar yoki oyoq ostida o‘sadigan daromad - yiliga har gektaridan 125 ming dollar

Top