17:25 / 07.07.2017
22703

Shavkat Mirziyoyev Pop tumanidagi zavodda bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Namanganga safari davomida Pop tumanidagi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Ko‘mir briketlari ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi. 

«Mamlakatimizda energetika sohasi izchil isloh etilmoqda. Energiya manbalari diversifikatsiya qilinib, aholi va tashkilotlarga bir necha turdagi energiya yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi O‘zA xabarida

Pop tumanida shu sohadagi yana bir korxona ishga tushirilgan. Qiymati 7 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha natijasida yiliga 500 ming tonna ko‘mir briketlari ishlab chiqariladi. Korxonada 160 yangi ish o‘rni yaratildi. 

Prezident briket ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotning narxi, samaradorligi bilan qiziqdi. Zavodda ko‘mir kukuni zamonaviy texnologiya asosida qayta ishlanib, quvvati yuqori moddalar bilan boyitiladi, hid va zararli gazlardan tozalanadi, tashish uchun qulay qilib qadoqlanadi. Bu mahsulot an'anaviy energiya manbalariga nisbatan ancha arzon va uni olis hududlarga ham yetkazib berish mumkin. 

Shavkat Mirziyoyev zavod mahsulotlarini mamlakat hududlariga tarqatish punktlari tashkil etish, briket va uni yoqishga mos pechlarni aholiga yetkazib berish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish kerakligini ta'kidladi. Bunday zamonaviy korxonalarni yurtimizning boshqa joylarida ham bunyod etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Shuningdek, bu yerda «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Namangan viloyatida 2017-2018 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishga 200 million dollarlik investitsiya yo‘naltirilmoqda. 

«Hech bir viloyatda bu sohaga buncha mablag‘ ajratilmagan. Bundan maqsad aholini arzon, sifatli, keng turdagi qurilish materiallari bilan ta'minlash, yangi ish joylari ochish. Bunday materiallar ko‘p va arzon bo‘lsa, odamlar o‘ziga uy-joy quradi, yangi maktab va shifoxonalar, korxonalar, yo‘llar bunyod etiladi. Xalqimiz farovonligi yanada oshadi», degan prezident. 

Pop tumanida sement, shifer, asbest quvurlar, beton va yarim sintetik moylash materiallari, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sement, Namangan shahrida keramik plita va santexnika mahsulotlari, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida pishiq g‘isht, Chust tumanida pardozlash toshlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. 

Top